Londonning «Chelsi» klubi sobiq egasi, rossiyalik milliarder Roman Abramovich soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ehtimoliy moliyaviy qoidabuzarliklarda gumon qilinmoqda. Bu haqda BBC nashri jurnalistik surishtiruv natijalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur operasiyalarda Deloitte auditorlik kompaniyasi hamda korporativ xizmatlar ko‘rsatuvchi MeritServus firmasi ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Minglab maxfiy hujjatlarning tarqalishi asosida o‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, 2006 yilda Amiscan Investments kompaniyasiga tegishli qator qimmatbaho aktivlar Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan bosh kompaniyaga o‘tkazilgan.
Ular orasida G‘arbiy Susseksdagi hashamatli uy, Londondagi kvartira, Fransiya janubidagi mulk, xususiy samolyotlar, vertolyotlar va Pelorus yaxtasi bo‘lgan.
Jurnalistlarning aniqlashicha, ushbu operasiyalarga oid hujjatlar 2006 yilda rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, ularda 2003 yil sanasi ko‘rsatilgan.
Deloitte Cyprus mazkur hujjatlarni tekshirib, kompaniyaning moliyaviy hisobotini tasdiqlagan. Natijada umumiy qiymati 672 million dollarga teng aktivlar hisobotdan chiqarib tashlangani aytilmoqda.
Surishtiruvda Abramovichga aloqador boshqa kompaniyalar faoliyati ham o‘rganilgan.
Xususan, Kravin Investments kompaniyasining Kiprdagi hisobvaraqlarida qariyb 2 milliard dollar saqlangani, Electus Investments esa milliarderning 10 milliard dollardan ortiq biznes aktivlarini boshqargani qayd etilgan.
Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kompaniyalar uchun ham sanasi o‘zgartirilgan hujjatlar tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Bunday operasiyalardan ko‘zlangan maqsad Kiprda foizli daromadlarga solinadigan soliqdan qochish bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Hozirda Turkiyada yashayotgani taxmin qilinayotgan Abramovich Jersi orolida olib borilayotgan jinoiy surishtiruvda ham figurant hisoblanadi. Mazkur hududda uning 5,4 milliard funt sterling yoki taxminan 7,1 milliard dollarlik aktivlari muzlatilgan.
Biroq milliarderning advokatlari unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etmoqda.
Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, Abramovich kompaniyalarning kundalik boshqaruvida bevosita ishtirok etmagan va hujjatlarni soxtalashtirishga hech qanday ruxsat bermagan.
O‘z navbatida, Deloitte Cyprus kompaniyasi barcha faoliyatini amaldagi qonunchilikka muvofiq olib borishini bildirgan.
Kompaniya vakillari hujjatlar 20 yildan ko‘proq vaqt avvalgi davrga tegishli ekani va hozirda ulardan foydalanish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlab, surishtiruv tafsilotlariga izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, Roman Abramovich 2003–2022 yillar davomida «Chelsi» klubiga egalik qilgan.
Uning rahbarligi davrida londonliklar besh marta Angliya Premyer-ligasi chempioni bo‘lgan va ikki bor UEFA Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.
2022 yilda joriy etilgan sanksiyalar ortidan Abramovich «Chelsi»ni sotishga majbur bo‘lgan.













