«Barselona» klubi yaqin bir yarim yil ichida afsonaviy futbolchisi Lionel Messi sharafiga maxsus xayrlashuv marosimi tashkil etadi. Tadbir kataloniyaliklarning «Kamp Nou» stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Bu haqda «Barselona» rahbariyatining sobiq a’zosi Toni Freysha ma’lum qildi.
«Yaqin bir yarim yil ichida «Kamp Nou» stadionida Leo Messi sharafiga xayrlashuv marosimi o‘tkaziladi. Bu allaqachon tasdiqlangan», — dedi Freysha.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2004–2021 yillar davomida «Barselona»ning asosiy jamoasida to‘p surgan.
Argentinalik hujumchi Kataloniya klubi tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. U «Barselona» safida 778 ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, 672 ta gol kiritgan.
Messi 2021 yilda klubni tark etgan bo‘lib, o‘sha vaqtda muxlislar bilan stadionda to‘laqonli xayrlashish imkoniyatiga ega bo‘lmagan edi.
Rejalashtirilayotgan marosim futbolchining klub tarixidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etish va uni muxlislar oldida munosib kuzatish imkonini beradi.













