Fransiyaning «Lion» klubi hujumchisi Loi Openda jiddiy jarohat sababli bir necha hafta maydonga tusha olmaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
«Yuventus»dan ijara asosida kelib qo‘shilgan belgiyalik futbolchi Fransiya Liga 1 doirasida juma kuni sobiq jamoasi «Lans»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda jarohat olgan.
Bahs davomida raqib futbolchilari Opendaga nisbatan bir necha bor qoida buzgan. Navbatdagi to‘qnashuvdan so‘ng 26 yoshli hujumchi o‘yinni davom ettira olmay, maydonni tark etishga majbur bo‘lgan.
Keyinchalik o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar futbolchining kichik boldir suyagi singanini tasdiqladi.
«Lion» ma’lumotiga ko‘ra, Openda kamida noyabr oyi o‘rtalaridagi terma jamoalar o‘yinlari uchun ajratilgan tanaffusga qadar safdan chiqqan.
Klub futbolchining jarohat olishiga sabab bo‘lgan vaziyatlar yuzasidan hakamlar brigadasi faoliyatini keskin tanqid qildi.
«Lion» vakillari uchrashuv davomida Opendaga nisbatan bir necha bor qoida buzilganiga qaramay, hakamlar futbolchini yetarlicha himoya qilmaganini ta’kidlamoqda.
Ayniqsa, hujumchining maydonni tark etishiga sabab bo‘lgan so‘nggi to‘qnashuv klubning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Hozircha Opendaning to‘liq tiklanishi uchun qancha vaqt talab etilishi aniq emas. Biroq u yaqin haftalarda jamoasiga yordam bera olmasligi tasdiqlangan.
Belgiyalik futbolchining jarohati «Lion» bosh murabbiyi Paulu Fonseka uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ldi.
Fransiya klubi ayni paytda milliy chempionatda Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Shu bilan birga, jamoa Yevropa ligasida ham ishtirok etmoqda.
Opendaning safdan chiqishi joriy mavsumda hozircha kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan Remi Himberga ko‘proq imkoniyat berishi mumkin.













