«Sevilya» hujumchisi Ayzek Romero Ispaniya La Ligasining 8-turidan o‘rin olgan «Levante»ga qarshi uchrashuvda golini nishonlash vaqtidagi harakati sabab maydondan chetlatildi.
26 yoshli futbolchi bahsning 90+5-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq goldan keyin u «Levante» muxlislariga qarata provakasion ishora qildi.
Uchrashuv bosh hakami Adrian Kordero Vega ushbu harakati uchun Romeroga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va futbolchini maydondan chetlatdi.
Valensiyada o‘tkazilgan «Levante» va «Sevilya» o‘rtasidagi uchrashuv 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Mazkur natijadan so‘ng «Levante» 6 ochko bilan Ispaniya chempionati turnir jadvalida 17-o‘rinni egallab turibdi. «Sevilya» esa 14 ochko jamg‘argan holda 5-pog‘onadan joy olgan.
Joriy mavsumda Ayzek Romero La Ligada 6 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













