«Inter» himoyachisi Manuel Akandji UYEFA Chempionlar ligasi doirasida «Bryugge»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida sobiq klubi «Manchester Siti» atrofidagi vaziyatga munosabat bildirdi.
Avvalroq Manchester klubi 2009–2018 yillar davomida Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shu bilan birga, Akandji «Manchester Siti» safida mazkur davrdan keyin to‘p surgani sabab uning qo‘lga kiritgan sovrinlariga xavf tug‘ilishi ehtimoli past ekani ta’kidlanmoqda.
«Manchester Siti» atrofida sodir bo‘layotgan voqealar meni unchalik tashvishlantirmayapti. Hozir bor e’tiborimni «Inter»ga qaratganman. Men o‘z sovrinlarimni qo‘lga kiritganman va maydonda qanday natijalarga erishganimizni yaxshi bilaman», — dedi shveysariyalik futbolchi.
Akanji, shuningdek, «Bryugge»ga qarshi bo‘lajak bahs haqida ham fikr bildirdi. Chempionlar ligasining birinchi turida «Real»dan mag‘lubiyatga uchragan milanliklar navbatdagi uchrashuvda g‘alaba qozonishni maqsad qilgan.
«Oldimizdagi ikki o‘yin juda muhim, ammo hammasini bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz kerak. Avvalo, ertangi uchrashuvga e’tibor qaratamiz, shundan keyingina qolgan vazifalar haqida o‘ylaymiz.
Birinchi o‘yinda mag‘lub bo‘ldik, endi esa oldinga qadam tashlashni istaymiz. Maqsadimiz — umumiy bosqichni kuchli sakkizlikda yakunlash. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz.
O‘tgan yilga nisbatan ko‘p narsa o‘zgardi. Biroq hozir eng muhimi — navbatdagi uchrashuvda yaxshi o‘yin ko‘rsatish va g‘alaba qozonish», — deya qo‘shimcha qildi himoyachi.
Eslatib o‘tamiz, «Inter» va «Bryugge» o‘rtasidagi Chempionlar ligasi uchrashuvi 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.













