Niderlandiya milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Nayjel de Yong mamlakat Qirollik futbol ittifoqi (KNVB) bilan amaldagi shartnomasini uzaytirdi. U yana to‘rt yil davomida tashkilotning yuqori saviyali futbol bo‘yicha direktori lavozimida faoliyat yuritadi.
NOS nashrining xabar berishicha, 41 yoshli mutaxassisning yangi shartnomasi 2027 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.
De Yong mazkur lavozimga 2023 yil yanvar oyida tayinlangan va Niko-YAn Hogmaning o‘rnini egallagan edi.
Ma’lum qilinishicha, Niderlandiya futbol ittifoqi sentyabr oyi oxiridayoq uning shartnomasi uzaytirilgani haqida tashkilot ichida xabar bergan. Biroq de Yongning kelajagi borasidagi noaniqliklarga barham berish maqsadida bu qaror endi jamoatchilikka rasman e’lon qilindi.
Sobiq futbolchi hamkorlikni davom ettirishdan mamnun ekanini bildirib, Niderlandiya futbolini yanada rivojlantirish asosiy maqsad bo‘lib qolishini ta’kidladi.
«Biz birgalikda to‘g‘ri yo‘lni tanladik va men bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirishni istayman.
Pirovardida barchamiz bir maqsad yo‘lida harakat qilamiz. Bu — Niderlandiya futbolini har kuni yanada yaxshiroq qilish», — dedi de Yong.
Ma’lumot uchun, Nayjel de Yong hozirgi lavozimida Niderlandiya milliy terma jamoalarining texnik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va ularning sport natijalarini yaxshilash bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etadi.
U futbolchilik faoliyati davomida «Ayaks», «Manchester Siti» va «Milan» kabi mashhur klublar sharafini himoya qilgan.
Shuningdek, de Yong Niderlandiya milliy terma jamoasi safida 81 ta uchrashuvda maydonga tushgan.













