Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani UYEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 2-turida «Viking»ga qarshi 3:3 hisobida yakunlangan uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Norvegiya jamoasi kutilmaganda 38-daqiqaga kelib 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Biroq mehmonlar ikkinchi bo‘limda o‘yin borishini o‘zgartirib, hisobda ustunlikka erishdi.
74-daqiqada Maykl Olise maydondan chetlatilgach, myunxenliklar o‘n kishi bo‘lib qoldi. 90-daqiqada esa «Viking» uchinchi golini urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
«Hammasiga to‘liq o‘zimiz aybdormiz. Xuddi dam olish kunlari «Augsburg»ga qarshi 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuvdagi kabi, bu safar ham o‘yinda ustunlik qildik.
Albatta, ijobiy jihatlarni ham qayd etish mumkin. Umuman olganda, o‘yinimiz sifati u qadar past emasdi. Ammo diqqatni yo‘qotish va ayrim vaziyatlarda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilish oqibatida xatolarga yo‘l qo‘yishda davom etyapmiz.
«Augsburg»ga qarshi bahsda o‘yin boshlanganidan sakkiz soniya o‘tib gol o‘tkazib yuborgandik. Bugun esa bir yarim daqiqadan keyin darvozamiz ishg‘ol qilindi.
Bundan tashqari, raqiblarimiz yaratayotgan barcha xavfli vaziyatlar gol bilan yakunlanayotgandek taassurot paydo bo‘lmoqda.
Biroq bularning hech biri bizga bahona bo‘la olmaydi. Chunki o‘zimizni bunday vaziyatlarga o‘zimiz tushirib qo‘yyapmiz», — deya Kompanining so‘zlarini keltirmoqda Bayern & Germany.
«Bavariya» 17 oktyabr, shanba kuni Bundesliga doirasida o‘z maydonida «RB Leypsig»ni qabul qiladi.













