O‘zbekiston Superligasining 24-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda “Navbahor” va “Paxtakor” jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynashdi. Namangandagi “Markaziy” stadionida kechgan bahsda mehmonlar birinchi bo‘limda hisobni ochishgan bo‘lsa, namanganliklar o‘yin yakuniga yaqin muvozanatni tiklashdi.
Mamlakat oliy ligasini hech qachon tark etmagan ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuv yuqori sur’atda boshlandi. Dastlabki daqiqalardanoq tashabbusni qo‘lga olishga intilgan “Navbahor” bir qator xavfli hujumlarni tashkil etdi. 2-daqiqada Husayn Norchayev raqib jarima maydoniga yorib kirishga urindi, biroq himoyachilar unga zarba berish imkonini qoldirishmadi.
6-daqiqada Ruslanbek Jiyanovga nisbatan qoida buzilishi natijasida belgilangan jarima zarbasidan keyin namanganliklar bir necha bor raqib darvozasiga zarba yo‘llashdi. Biroq “Paxtakor” himoyachilari vaziyatni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, “Navbahor” yana bir xavfli hujum uyushtirdi, ammo yakuniy zarbada aniqlik yetishmadi.
Birinchi bo‘limning o‘rtalarida mehmonlar ham hujumga o‘tishdi. 18-daqiqada Chineduning aylanma zarbasi noaniq ketdi. 31-daqiqada esa uning uzatmasidan keyin Dostonbek Hamdamov bosh bilan darvozaga zarba berdi, ammo to‘p nishonga bormadi.
36-daqiqada “Navbahor” raqib darvozasi oldida yana xavfli vaziyat yaratdi. Vladimir Nazarov jamoasini goldan qutqardi. Biroq birinchi bo‘lim yakuniga yaqin “Paxtakor” hisobni ochishga erishdi. 43-daqiqada burchak to‘pidan keyin Zayd Tahsin bosh bilan aniq zarba yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi — 0:1.
Ikkinchi bo‘limni faol boshlagan “Navbahor” hisobni tenglashtirish uchun oldinga tashlandi. 52-daqiqada Shohruxbek Abdurahmonovga nisbatan jarima maydonida qoida buzilgani uchun mezbonlar penalti ishlab olishdi. Vaziyat VAR orqali ham tekshirildi va hakam dastlabki qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Biroq Ruslanbek Jiyanovning penaltidan yo‘llagan zarbasini Vladimir Nazarov qaytarib, “Paxtakor”ni muqarrar goldan qutqardi.
60-daqiqada Diyorbek Xolmatovning ajoyib uzatmasidan keyin Husayn Norchayev va Shohruxbek Abdurahmonov vaziyatni gol bilan yakunlay olishmadi. Keyingi daqiqalarda ham “Navbahor” hujumlarni davom ettirdi. 73-daqiqada Xolmatovning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasini Nazarov qiyinchilik bilan qaytardi. 79-daqiqada Jasurbek Jaloliddinovning zarbasi esa aniq chiqmadi.
“Navbahor”ning bosimi 84-daqiqada o‘z samarasini berdi. Mezbonlarning navbatdagi hujumini Muhammadqodir Hamraliyev aniq zarba bilan yakunlab, hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Qolgan daqiqalarda namanganliklar g‘alaba golini urish uchun yana bir necha bor oldinga tashlanishdi. Biroq “Paxtakor” himoyasi bardosh berdi va uchrashuv durang bilan yakunlandi.
Shu tariqa, “Navbahor” penaltidan foydalana olmaganiga qaramay, o‘yin yakuniga yaqin muhim golni urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. “Paxtakor” esa uchrashuvning katta qismida hisobda oldinda borgan bo‘lsa-da, g‘alabani saqlab qola olmadi.
“Navbahor” — “Paxtakor” — 1:1
Gollar: Zayd Tahsin (43) — Muhammadqodir Hamraliyev (84).
Noaniq penalti: Ruslanbek Jiyanov (55, darvozabon qaytardi)
Ma’lumot uchun: uchrashuvni “Markaziy” stadionida 22 751 nafar muxlis tomosha qildi. Bu joriy mavsumdagi tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha rekord bo‘ldi.













