«Manchester Yunayted» klubining argentinalik himoyachisi Lisandro Martines jamoaning ahvoli haqida bildirgan tanqidiy fikrlari yuzasidan bayonot berdi.
UYEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-turida «Atletiko»ga qarshi kechgan va 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin Martines klubdagi vaziyat, rahbariyat hamda jamoadoshlaridan norozi ekanini ochiq bildirgandi.
Futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘z so‘zlariga izoh berdi.
«Kecha aytgan gaplarim haqida bildirilgan fikrlardan keyin o‘zim aytgan so‘zlar va his-tuyg‘ularim haqida mulohazalarimni baham ko‘rmoqchiman. O‘yindan keyin biz barchamiz kutgan natijaga erisha olmaganimiz sababli g‘azab va xafalikka berilib gapirdim.
Meni taniganlar futbol bilan qanday yashashimni yaxshi bilishadi: ishtiyoq, fidoyilik va g‘alaba qozonishga bo‘lgan ulkan istak bilan. Ishlar biz xohlagandek ketmasa, bu og‘riqli bo‘ladi. Ayniqsa, «Manchester Yunayted» kabi katta tarix va maqomga ega klub sharafini himoya qilayotganingda.
So‘zlarim o‘z his-tuyg‘ularimni va bu klubning eng katta sovrinlar uchun kurashishini qanchalik xohlashimni aks ettiradi. Yuqori talablar — futbolga bo‘lgan qarashlarimning va ushbu futbolkani kiyish bilan bog‘liq mas’uliyatning bir qismidir.
Men ko‘proq narsaga erishish istagi haqida gapirganimda, klubning bir qismi sifatida har birimizda bo‘lishi kerak bo‘lgan ambisiyalarni nazarda tutaman. Biz rivojlanishda davom etishimiz, kuchayishimiz va eng yuqori darajada raqobatlasha olishimiz uchun zarur barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishimiz kerak. Bu talablarga, birinchi navbatda, mening o‘zim ham javob berishim lozim.
Eng avvalo, o‘zimizning kimga qodir ekanimizni maydonda isbotlashimiz kerakligini tushunaman. Bu mas’uliyatni o‘z zimmamga olishga tayyorman. Biz o‘zimizdan yanada ko‘proq narsa talab qilishimiz va «Manchester Yunayted»ni yana cho‘qqiga qaytarish uchun birgalikda ishlashimiz kerak.
Men jamoadoshlarimga, bosh murabbiyimizga va klubning olg‘a siljishi uchun mehnat qilayotgan barcha insonlarga ishonaman. Oldinga yo‘l birgalikdagi mehnat, ambisiya va fidoyilik orqali o‘tishga ishonchim komil.
Birinchi kundan buyon maqsadim o‘zgarmagan: g‘alaba qozonish, eng yuqori darajada raqobatlashish va klub emblemasi uchun bor kuchimni berish», — deb yozdi Martines ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.













