Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo yosh hujumchi Karlos Espining asosiy tarkibda ko‘proq o‘ynashga munosibligi haqidagi savolga javob berdi.
21 yoshli futbolchi Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-turida «Roma»ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib, yana bir bor o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
Ispaniyalik hujumchi maydonga tushganidan ko‘p o‘tmay, 83-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Uning goliga qadar «Real» 1:3 hisobida ortda borayotgan edi. Biroq madridliklar bahsning so‘nggi daqiqalarida vaziyatni o‘zgartirib, 4:3 hisobida irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Mourinyu matbuot anjumanida Espining salohiyatini yuqori baholadi, ammo Kilian Mbappe bilan raqobatlashish yosh futbolchi uchun oson emasligini ta’kidladi.
«Espining asosiy tarkibdan joy olishi qiyin, chunki Mbappe — bu Mbappe. Gap Kilianning maqomida emas, balki uning maydondagi o‘yinida.
Men shunchaki: «Bugun Mbappe o‘ynamaydi, uning o‘rniga Espi maydonga tushadi», deb ayta olmayman.
Karlos o‘sish va rivojlanishda davom etmoqda. Gonsalo Garsiya jamoani tark etganida, klub menga uning o‘rnini to‘ldirish uchun uch nafar nomzodni taklif qilgan edi. Ular orasida Karlos ham bor edi.
Men darhol aynan uni jamoamda ko‘rishni xohlashimni aytganman», — dedi Mourinyu matbuot anjumanida.
Qayd etish joiz, Karlos Espi joriy mavsumda «Real» safida oltita uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol urgan.
E’tiborlisi, 21 yoshli hujumchi hozirga qadar biror marta ham asosiy tarkibda o‘yin boshlamagan. Shunga qaramay, u zaxiradan maydonga tushgan holda yuqori samaradorlik namoyish etmoqda.













