Rossiyalik 17 yoshli darvozabon Timofey Tolstenev «G‘azalkent» klubidagi debyutini o‘tkazdi. U kelajakda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb etilishi mumkin. Bu haqda Eurasia Football nashriga tayanib, Sports.kz xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tolstenevning oilasi bir yil avval O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Darvozabon shu vaqt davomida «G‘azalkent» klubida mashg‘ulotlarda ishtirok etgan. Shundan so‘ng FIFA futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat bergan.
Ayni paytda klub bo‘yi 197 santimetr bo‘lgan darvozabon uchun O‘zbekiston pasportini rasmiylashtirish ishlarini olib bormoqda. Tolstenev kelajakda O‘zbekiston terma jamoasi uchun nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
Tolstenev Moskvadagi «Chertanovo» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U yoshlikdagi futbolchilik faoliyatining katta qismini ushbu akademiyada o‘tkazgan. Keyinchalik darvozabon FSHMda qisqa muddat bo‘lgan, Moskva «Spartak» klubi tizimida shug‘ullangan va Kostromaning «Spartak» klubi yoshlar jamoasida ham qayd etilgan. Jamoa tarqatib yuborilganidan keyin u O‘zbekistonga ko‘chib kelgan.
Tolstenev kelasi oyda 18 yoshga to‘ladi. Uning O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynash imkoniyati esa fuqarolikni rasmiylashtirish va terma jamoalarda ishtirok etish bo‘yicha tegishli talablarga bog‘liq bo‘ladi.













