O‘zbekiston Superligasining 24-turidan o‘rin olgan "Navbahor" — "Paxtakor" uchrashuvi oldidan namanganliklar yarim himoyachisi Shohruhbek Abdurahmonov bo‘lajak bahs haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
27 yoshli futbolchi ikki jamoa o‘rtasidagi raqobat, uchrashuvning ahamiyati va muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi haqida gapirdi.
"Bunday bahslar futbolchilarga o‘zgacha motivasiya beradi"
Abdurahmonovning ta’kidlashicha, "Navbahor" va "Paxtakor" o‘rtasidagi uchrashuvlar doimo prinsipial ahamiyat kasb etib kelgan.
"Navbahor" va "Paxtakor" Superliganing doimiy ishtirokchilari hamda sovrindor jamoalari hisoblanadi. Shu bois, ular o‘rtasidagi raqobat hamisha keskin va murosasiz kechgan.
O‘ylaymanki, bu safargi uchrashuv ham bundan mustasno bo‘lmaydi. Bunday bahslar futbolchilarga o‘zgacha motivasiya beradi. Biz ham maydonda barcha imkoniyatlarimizni ishga solishga harakat qilamiz", — dedi futbolchi.
"Har ikki jamoaning o‘z maqsadi bor"
Yarim himoyachi bo‘lajak bahsning turnir jadvali nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
"Jamoalar turnir jadvalining yuqori pog‘onalarida bormoqda. "Paxtakor" chempionlik uchun kurashayotgan bo‘lsa, "Navbahor" mavsumni sovrindorlar safida yakunlashni maqsad qilgan.
Shu sababli oldinda bizni qiziqarli va tomoshabop uchrashuv kutayotganiga ishonaman. Biz maydonga o‘zgacha ishtiyoq bilan tushib, g‘alaba qozonish va muxlislarimizga quvonch ulashish uchun bor kuchimizni safarbar etamiz", — dedi Abdurahmonov.
Muxlislarga murojaat
Shohruhbek Abdurahmonov muhim uchrashuv oldidan namanganlik ishqibozlarga ham murojaat qildi.
"Muxlislarimizdan stadionga tashrif buyurib, jamoamizni munosib qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman. Ularning daldasi biz uchun juda muhim. Ishqibozlarimiz g‘alabamizga madadkor bo‘lishlariga ishonaman", — deya so‘zini yakunladi futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, "Navbahor" va "Paxtakor" o‘rtasidagi Superliga 24-tur uchrashuvi 17 oktyabr kuni Namangandagi "Markaziy" stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs soat 19:00 da boshlanadi.













