"Barselona"ning hujumkor yarim himoyachisi Dani Olmo uzoq tanaffusdan so‘ng ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi.
28 yoshli futbolchi shanba kuni Ispaniya La Ligasi doirasida "Betis"ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning 62-daqiqasida zaxiradan maydonga tushdi. 81-daqiqada esa raqib darvozasini ishg‘ol qilib, bahsdagi yakuniy hisobni o‘rnatdi — 5:2.
Ushbu gol ispaniyalik futbolchi uchun 15 martdan buyon, ya’ni yetti oydan ortiq vaqt ichidagi ilk gol bo‘ldi.
"Anchadan buyon gol urmayotgan edim, ammo bu meni tashvishlantirmaydi. Men faqat jamoamizning g‘alaba qozonishini istadim. G‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritganimizdan juda xursandman.
Men gollar urishni, golli uzatmalarni amalga oshirishni va har tomonlama "Barselona"ga yordam berishni xohlayman", — deya Olmoning so‘zlarini keltiradi Barca Universal.
Jahon chempioni joriy mavsumda "Barselona" safida 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, to‘rtta golli uzatmani ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.













