«Barselona» yarim himoyachisi Rodri Ernandes Ispaniya La Ligasining 9-turi doirasida «Betis»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Lamin Yamal tomonidan urilgan golga baho berdi.
Yamal bahsning 10-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Uchrashuv yakunida kataloniyaliklar 5:2 hisobida g‘alaba qozonishdi.
«Lamin qanday ajoyib gol urdi! U bizni bunday gollarga allaqachon o‘rgatib qo‘ygan. Bu yerda ortiqcha gapga hojat yo‘q. Bunday futbolchilar o‘yin taqdirini hal qiladi.
Ammo men uning boshqa fazilatlarini ham alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Xususan, maydonda bor kuchini sarflashi va jamoadoshlariga yordam berishga doimo tayyorligi tahsinga sazovor», — deya Rodrining so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
Shuningdek, futbolchi uchrashuvning 43-daqiqasida «Betis»ning goli bekor qilingani va 54-daqiqada raqib jamoa a’zosi Fakundo Bernal maydondan chetlatilgani haqida ham fikr bildirdi.
«Haqiqatan ham, qo‘l g‘ayritabiiy holatda edi. Ehtimol, aynan shu sababli gol bekor qilingandir. Hakamlarning qarorlarini hurmat qilish kerak. Qizil kartochka bilan bog‘liq vaziyatni esa ko‘rmadim», — dedi ispaniyalik yarim himoyachi.
Ayni paytda «Barselona» 27 ochko bilan Ispaniya chempionati musobaqa jadvalida ishonchli peshqadamlik qilmoqda.
Kataloniyaliklar 20 oktyabr kuni Chempionlar ligasida «PSJ»ga qarshi maydonga tushadi. Oradan besh kun o‘tib, 25 oktyabrda esa o‘z maydonida Madridning «Real» klubini qabul qiladi.













