Madridning «Real» klubi Lissabonning «Sporting» jamoasida to‘p surayotgan 15 yoshli yarim himoyachi Xakobo Afonsuga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, «qirollik klubi» yosh futbolchining salohiyatini yuqori baholamoqda va anchadan buyon uning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib kelmoqda.
Afonsu markaziy yarim himoyachi pozisiyasida harakat qiladi. U jismoniy imkoniyatlari, maydon markazidan hujumlarga faol qo‘shila olishi hamda to‘p bilan muomala qilish mahorati bilan ajralib turadi.
Yosh futbolchi Ispaniya va Portugaliya fuqaroligiga ega. U Ispaniyaning Salamanka shahrida tug‘ilgan, biroq Portugaliyada ulg‘aygan.
Afonsu avval ham Ispaniyaning turli yosh toifalaridagi terma jamoalariga, jumladan, 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat milliy jamoaga chaqirilgan.
«Real» istiqbolli yosh futbolchilarni erta yoshdan o‘z akademiyasiga jalb qilish strategiyasini davom ettirmoqda.
Yaqinda madridliklar «Espanyol» klubidan 14 yoshli Yan Vilyani o‘z safiga qo‘shib oldi. Shuningdek, «Real» 6 oktyabr kuni 16 yoshga to‘lgan Jey-Jey Gabrielning transferi bo‘yicha ham kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.
ESPN ma’lumotlariga ko‘ra, «Real» Xakobo Afonsuning o‘sishini kuzatishda davom etmoqda va yaqin oylarda uni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.













