Ispaniyaning «Xetafe» klubi angliyalik qanot hujumchisi Jeydon Sanchoni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy raqobatga duch kelmoqda.
Futbolchi yozda «Manchester Yunayted»ni tark etganidan buyon erkin agent maqomida bo‘lib turibdi.
Diario AS nashrining xabar berishicha, Sanchoga Birlashgan Arab Amirliklarining ikkinchi divizionida ishtirok etadigan Dubayning ikki klubi — «Sokur Al-Arab» va «Arabian Falkons» qiziqish bildirmoqda.
Har ikki klub ham angliyalik futbolchini moliyaviy jihatdan juda jozibador takliflar orqali o‘z safiga jalb qilishga harakat qilmoqda.
«Xetafe» esa moliyaviy imkoniyatlari cheklangani sababli Dubay klublarining takliflariga tenglasha olmaydi.
Qayd etilishicha, Sancho allaqachon «Xetafe» bilan muzokaralar olib bormoqda. Biroq u hozircha kelajagi borasida yakuniy qaror qabul qilmagan va kelib tushgan takliflarni o‘rganishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Xetafe» yaqinda Madridning «Real» klubi sobiq himoyachisi Dani Karvaxalni ham erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olgan edi.













