Londonning «Arsenal» klubi 2019 yilda Mikel Artetani bosh murabbiy etib tayinlashdan avval bir qator taniqli mutaxassislar nomzodini ko‘rib chiqqani ma’lum bo‘ldi.
The Telegraph nashrining xabar berishicha, londonliklar ro‘yxatida Maurisio Pochettino, Karlo Anchelotti, Massimiliano Allegri, Patrik Viyeyra, Roberto Martines, Vitor Pereyra va Yulian Nagelsman kabi murabbiylar bo‘lgan.
Qizig‘i, Arteta dastlab asosiy nomzod hisoblanmagan. Ispaniyalik mutaxassis futbolchilik faoliyatini yakunlagach, «Manchester Siti»da Pep Gvardiolaga yordamchilik qilgan, ammo mustaqil ravishda jamoa boshqarish tajribasiga ega emasdi.
Biroq Artetani «Arsenal»dagi futbolchilik faoliyatidan yaxshi tanigan klub xodimlari o‘sha paytdagi sport direktori Edu Gasparni unga imkoniyat berishga ko‘ndirishgan.
Gaspar Arteta bilan o‘tkazilgan suhbatni shunday esladi:
«U shu qadar puxta tayyorgarlik ko‘rgandiki, go‘yo allaqachon klubda ishlayotgandek taassurot qoldirdi. Mikel o‘z strategiyasi va “Arsenal”ning kelajagini qanday tasavvur qilishi haqida batafsil gapirib berdi.
O‘shanda o‘zimga: “Voy, bu yigitning tayyorgarligi mutlaqo boshqa darajada ekan”, degandim.
Nomzodlarni tanlash jarayoni yakunlangach, qaror qabul qilish oson bo‘ldi. Chunki Mikel deyarli barcha mezonlar bo‘yicha eng yaxshi nomzod ekanini ko‘rsatdi», — dedi Gaspar.
Natijada Arteta 2019 yilning dekabr oyida «Arsenal» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Oradan qariyb besh yil o‘tib, u londonliklarni uzoq kutilgan Angliya chempionligi sari yetakladi.













