Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe Fransiyaning Onze Mondial jurnali tomonidan o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilganiga munosabat bildirdi.
Ushbu nufuzli mukofotga avvalgi yillarda Zinedin Zidan, Krishtianu Ronaldu va Diyego Maradona kabi jahon futboli afsonalari ham sazovor bo‘lgan.
Fransiyalik hujumchi bunday buyuk futbolchilar qatorida bo‘lish o‘zi uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.
«Ular futbol tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk o‘yinchilar. Qaysi jamoada to‘p surishidan qat’i nazar, o‘z o‘yinlari bilan hamisha barchani hayratda qoldirishgan.
Albatta, bunday yuksak saviyadagi futbolchilar bilan bir qatorda bo‘lish juda yoqimli», — deya Mbappening so‘zlarini keltiradi Onze Mondial nashri.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe o‘tgan mavsumda «Real» safida 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 42 ta gol urdi va 7 ta golli uzatma amalga oshirdi.













