Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu intizomiy jazosini yengillashtirishni so‘rab, mamlakat futbol federasiyasiga murojaat qildi.
Record nashrining xabar berishicha, 41 yoshli futbolchi o‘zining futbol rivojiga qo‘shgan katta hissasi va sportdagi yutuqlari jazoni yumshatish uchun asos bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Avvalroq Ronaldu UYEFA Millatlar ligasi doirasida Norvegiyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng intizomiy javobgarlikka tortilgan edi. Portugaliyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bahsda bosh murabbiy Jorje Jezush tajribali hujumchini maydonga tushirmagan.
Shundan so‘ng "An-Nasr" futbolchisi ruxsatsiz ravishda milliy terma jamoa qarorgohini tark etgan. Federasiya mazkur harakati uchun uni bir oyga chetlatib, 255 yevro miqdorida jarimaga tortgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Ronaldu o‘z harakati uchun belgilangan jazoni yengillashtirish maqsadida uchta asosiy dalilni keltirgan.
Birinchisi — futbol rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, ikkinchisi — faoliyati davomida erishgan sport yutuqlari, uchinchisi esa mazkur ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga hal qiluvchi hissa qo‘shganidir.
Portugaliya futbol federasiyasi dastlabki ikki dalilni asosli deb topgan, ammo uchinchi vajni rad etgan.
"Hodisaga oid ma’lumotlarning katta qismi ochiq manbalarda mavjud. Shu sababli uzoq va murakkab tekshiruv o‘tkazishga zarurat bo‘lmagan", — deyiladi federasiya izohida.
Shu bilan birga, Ronaldu intizomiy jazoga tortilganiga qaramay, noyabr oyidagi milliy terma jamoa uchrashuvlariga chaqirilishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan.













