"Komo" Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turida o‘z maydonida "Manchester Yunayted"ni 4:1 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.
Mezbonlar yarim himoyachisi Niko Pas uchta samarali harakat qayd etdi. Argentinalik futbolchi 2-daqiqada hisobni ochdi, 49-daqiqada Anastasios Duvikasga golli uzatma berdi va 57-daqiqada ikkinchi golini urib, dubl qayd etdi.
76-daqiqada Xakobo Ramon "Komo"ning to‘rtinchi golini urdi.
Uchrashuv yakunida "Manchester Yunayted" bitta javob golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Joshua Zirkzee o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng "Komo" 6 ochko bilan Chempionlar ligasi umumiy bosqichi turnir jadvalida oltinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilgan "Manchester Yunayted" esa 3 ochko bilan 20-pog‘onada bormoqda.
Keyingi turda "Manchester Yunayted" 3 noyabr kuni o‘z maydonida "Roma"ni qabul qiladi. "Komo" esa 4 noyabrda safarda "Lans"ga qarshi maydonga tushadi.













