Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo Chempionlar ligasida «RB Leypsig»ga qarshi uchrashuvda (4:1) jamoasi o‘tkazib yuborgan goldan norozi ekanini bildirdi.
«O‘tkazib yuborilgan golga kelsak, bu menga yoqmadi. Kurtua ikkita aqlbovar qilmas seyvni amalga oshirdi va shu orqali g‘alaba qozonish imkoniyatimizni saqlab qoldi.
Hujumchi gol urishni, darvozabon esa o‘z darvozasi daxlsizligini saqlashni yaxshi ko‘radi.
Bugungi o‘tkazib yuborilgan gol ham, «Sevilya»ga qarshi o‘yindagi gol ham futbolchining o‘zini haddan tashqari erkin his qilib, g‘alaba allaqachon cho‘ntakda deb o‘ylagani oqibati bo‘ldi. Menga bunday munosabat yoqmaydi», — dedi Mourinyo matbuot anjumanida.
Ehtimol, portugaliyalik mutaxassis himoyachi Din Xyoysenni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Raqib hujumi vaqtida u bir lahza o‘yin vaziyatidan uzilib qolgandek taassurot uyg‘otgan.
«Real» hisob 3:0 bo‘lib turgan paytda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Biroq madridliklar ko‘p o‘tmay yana bir gol urib, uchrashuvni 4:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlashdi.













