"Manchester Siti"ning sobiq himoyachisi Kayl Uoker klub bilan bog‘liq tatuirovkalarini o‘chirishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Avvalroq matbuotda futbolchi "shaharliklar" moliyaviy qoidalarni buzgani uchun ketma-ket qo‘lga kiritgan to‘rtta chempionlik unvonidan mahrum etilsa, ushbu yutuqlarga bag‘ishlangan tatuirovkasini o‘chirishi mumkinligi haqida gapirgani xabar qilingan edi.
36 yoshli futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bayonot berib, bu ma’lumotlarga oydinlik kiritdi.
"Bugun tarqalgan, odamlarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan sarlavhalarga aniqlik kiritmoqchiman. Menda hech qachon "Manchester Siti"ga bag‘ishlangan tatuirovkalarimni o‘chirish niyati bo‘lmagan.
"Siti"da o‘tkazgan davrim faoliyatimning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib qoladi. Men bu yillar bilan doimo nihoyatda faxrlanaman.
Ajoyib jamoadoshlarim, klub xodimlari va, albatta, butun faoliyatimiz davomida bizni qo‘llab-quvvatlagan "Manchester Siti" muxlislari bilan birgalikda unutilmas lahzalarni boshdan kechirdim.
Bu xotiralar men bilan abadiy qoladi. Tatuirovkalarim ham xuddi shunday", — deb yozdi Uoker.
Ayni paytda 36 yoshli Kayl Uoker Angliyaning "Byornli" klubi sharafini himoya qilmoqda. Jamoa Chempionshipda ishtirok etmoqda.













