O‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov 24 oktyabr, shanba kuni Abu Dabida britaniyalik Loner Kavanaga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Sportchi mazkur bahsdan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, raqibi va keyingi rejalari haqida fikr bildirdi.
“Men so‘ragan raqibimni berishganidan juda xursandman. U so‘nggi jangida ajoyib harakat qildi va reytingda mendan yuqorida turibdi. Shu sababli aynan uni tanladim. Menimcha, ikkalamiz ham tomoshabop jang ko‘rsata olamiz. Xudo xohlasa, oldingi jangimdagi kabi bor kuchim bilan harakat qilaman. Ko‘p gapirmoqchi emasman, barchasini o‘sha kuni ko‘rasizlar. Muxlislarga chiroyli jang taqdim etaman”, dedi Temirov.
O‘zbekistonlik sportchi Kavana ustidan qozoniladigan g‘alaba orqali chempionlik uchun da’vogarlar qatoriga kirishni maqsad qilgan. Hozirda o‘ta yengil vazn toifasining chempionlik kamari Joshua Vanga tegishli. Uning Manel Kape bilan navbatdagi kamar himoyasi 2027 yil boshida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Temirov esa amaldagi chempion bilan jang qilishga ham tayyor ekanini ta’kidladi.
“Joshua Van tik turib jang qilishni yaxshi ko‘radi. Menimcha, o‘zaro to‘qnashuvimiz juda qiziqarli kechardi. Kimga qarshi chiqishimdan qat’i nazar, doim jangga tayyorman. O‘z vazn toifamda men uchun juda xavfli deb hisoblaydigan sportchini ko‘rmayapman. Van bilan qachondir oktagonda uchrashsak, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Ammo g‘alaba qozonishimga ishonaman”, deya qo‘shimcha qildi Temirov.
Ma’lumot uchun, UFC 333 turniri doirasidagi janglar Abu Dabidagi “Etihad Arena”da bo‘lib o‘tadi. Temirovning raqibi Kavana professional faoliyati davomida 10 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U UFC’da beshta jang o‘tkazib, uchtasida g‘alaba qozongan.
Temirov esa professional MMA’da 20 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyatga ega. O‘zbekistonlik sportchi UFC’dagi uchta jangining barchasida zafar quchgan.













