Germaniya futboli afsonasi Oliver Kan Yulian Nagelsmanning «Manchester Yunayted» bosh murabbiyligiga tayinlanishi ehtimoli haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
So‘nggi vaqtlarda mankunianliklar bosh murabbiyni almashtirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Jamoani boshqarishga nomzodlar qatorida germaniyalik mutaxassis Yulian Nagelsmann ham bor.
Oliver Kan hamyurtini qaror qabul qilishda shoshilmaslikka chaqirib, «Manchester Yunayted»da ishlashning o‘ziga xos qiyinchiliklariga e’tibor qaratdi.
«Manchester Yunayted» — so‘nggi yillarda deyarli har bir murabbiy ertami-kechmi muvaffaqiyatsizlikka duch kelgan klub.
Shuning uchun qayerga ishlashga borayotganingni juda puxta o‘ylab ko‘rishing kerak.
«Manchester Yunayted» Nagelsmann uchun faoliyatidagi navbatdagi to‘g‘ri qadam bo‘ladimi yoki yo‘qmi — buni faqat uning o‘zi hal qilishi mumkin», — dedi Kan.
Qayd etish joiz, «Manchester Yunayted» joriy mavsum Angliya Premyer-ligasida qoniqarsiz natijalar qayd etmoqda. Ayni paytda mankunianliklar musobaqa jadvalida 13-o‘rinni egallab turibdi.













