«PSJ» futbolchilari 26 oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan «Oltin to‘p» mukofotini topshirish marosimida ishtirok eta olmasligi mumkin.
Nufuzli individual sovrin uchun bu yil 30 nafar futbolchi nomzodi ilgari surilgan bo‘lib, ularning 10 nafari Parij klubi sharafini himoya qiladi.
Biroq Fransiya chempionati taqvimidagi o‘zgarishlar sabab parijlik futbolchilarning Londonga borish imkoniyati qolmadi.
Juma kuni Fransiya Professional futbol ligasi «PSJ» va «Lion» o‘rtasidagi 8-tur uchrashuvi 25 oktyabr, yakshanba oqshomidan 26 oktyabr, dushanba oqshomiga ko‘chirilganini rasman e’lon qildi.
Shu tariqa, mazkur bahs «Oltin to‘p»ni topshirish marosimi bilan bir kunga to‘g‘ri kelib qoldi. Natijada «PSJ» futbolchilari Londondagi tantanali tadbirda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.
Nazariy jihatdan jarohat olgan Xvicha Kvarasxeliya marosimga borishi mumkin. Biroq gruziyalik vinger yaqinda tizzasidan jiddiy shikast olgan va ayni paytda murakkab jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shu sababli Kvarasxeliyaning ham taqdirlash marosimida ishtirok etishi ehtimoli juda past.













