Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi milliy chempionatlarda ketma-ket gol urilgan o‘yinlar soni bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. Ar-Riyod jamoasi Pro-liganing 11-turida «Al-Faysaliy» darvozasini ishg‘ol qilib, o‘z golli seriyasini ketma-ket 97 ta uchrashuvga yetkazdi.
Shu tariqa, «An-Nasr» qariyb 90 yildan beri saqlanib kelayotgan Argentinaning «River Pleyt» klubiga tegishli natijadan o‘zib ketdi. Argentina jamoasi 1936–1939 yillar oralig‘ida milliy chempionatning ketma-ket 96 ta uchrashuvida gol urgan. Ayrim manbalarda bu ko‘rsatkich 94 ta deb keltirilgan bo‘lsa-da, taniqli futbol statistikachisi Aleksis Martin-Tamayo (MisterChip) 96 ta o‘yin haqida ma’lumot bergan.
Eslatib o‘tamiz, «An-Nasr» «Al-Faysaliy»ga qarshi bahsda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda Ar-Riyod klubi sardori Krishtianu Ronaldu ham gol urdi. Bu 41 yoshli portugaliyalik futbolchining faoliyatidagi 982-goli bo‘ldi.













