«Bavariya» boshqaruv kengashi a’zosi Uli Xyoness jamoa bosh murabbiyi Vensan Kompani faoliyatidan juda mamnun ekanini bildirib, belgiyalik mutaxassis bilan shartnomani yanada uzaytirish tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Xyonessning ta’kidlashicha, ayni paytda myunxenliklar uchun Kompani eng munosib murabbiy hisoblanadi. U hatto amaldagi kelishuv muddati tugamasidan ancha oldin yangi shartnoma imzolashga tayyorligini aytdi.
«Kompani bilan ishlayotganimiz biz uchun katta omad. Hozirgi vaziyatda «Bavariya» uchun undan yaxshiroq murabbiyni tasavvur qila olmayman.
Yaqinda Vensanning o‘ziga ham u bilan shartnomani uzaytirishimiz kerakligini aytdim. Vaholanki, uning amaldagi kelishuvi 2029 yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan.
Agar u ertaga bizga shartnomani uzaytirish taklifi bilan murojaat qilsa, men shaxsan bu ishni hech qanday ikkilanishsiz, darhol amalga oshirgan bo‘lardim», — dedi Xyoness.
Qayd etish joiz, Xyonessning intervyusidan parchalar Vensan Kompani sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavotirli xabarlar tarqalganidan keyin e’lon qilindi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalari belgiyalik mutaxassis mashg‘ulot vaqtida hushidan ketib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edi.
«Bavariya» keyinchalik Kompani mashg‘ulot paytida o‘zini yomon his qilganini va tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun shifoxonada shifokorlar nazoratiga olinganini tasdiqladi.













