O‘zbekiston hakamlar markazi "Nasaf" — "Dinamo" (2:1) uchrashuvida samarqandliklar foydasiga penalti belgilanmaganini tan oldi.
24 oktyabr kuni Hakamlar markazi rahbariyati va "Dinamo" vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn-yig‘ilishda Superliganing 23 va 24-turlaridagi bahsli vaziyatlar tahlil qilindi.
Markaz rahbari Farhod Abdullayevning ta’kidlashicha, "Nasaf"ga qarshi bahsning 10-daqiqasida Firdavs Abdurahmonovga nisbatan qilingan qo‘pollik uchun penalti belgilanishi va Oybek Rustamovga sariq kartochka ko‘rsatilishi kerak edi.
Biroq bosh hakam Ahrol Risqullayev penalti belgilamagan, VAR hakami Abdurashid Xudoyberganov esa uni vaziyatni qayta ko‘rishga chaqirmagan.

Natijada Risqullayevga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan, Xudoyberganov esa ikki turga hakamlikdan chetlatilgan.
"Dinamo" — "Buxoro" (1:2) uchrashuvidagi chetlatish va penalti bo‘yicha qarorlar esa to‘g‘ri deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, 22-turdagi "Navbahor" — "Dinamo" (3:2) o‘yinidagi xatolar uchun ham bosh hakam Doston Rahmonov Pro ligaga tushirilgan, VAR hakami Ilgiz Tantashevga chora ko‘rilgan edi.













