Fransiya terma jamoasi va «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rayan Sherki Yevropaning ikki top-klubi qiziqish doirasiga tushdi. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, fransuz futbolchisini Madridning «Real» klubi va PSJ o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda.
Biroq «Manchester Siti» Sherki bilan xayrlashishni rejalashtirmayapti. Manchesterliklar uni o‘z sport loyihasining muhim qismi sifatida ko‘rmoqda.
23 yoshli yarimhimoyachi 2025 yilning yozidan buyon Angliya klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2030 yil iyun oyining oxirigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali mutaxassislari Rayan Sherkining bozor qiymatini 110 million yevroga baholamoqda.













