"Manchester Yunayted" yarim himoyachisi Andrey Santos "Chelsi"dan 50 million funtga amalga oshgan transferi qanday boshlanganini aytib berdi.
Braziliyalik futbolchi iyul oyida mankunianliklar safiga qo‘shilgan va klub bilan 2031 yil iyunigacha shartnoma imzolagan.
"Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Bolalarimni pediatrga olib ketayotganimda agentim qo‘ng‘iroq qilib, "MYU" men bilan suhbatlashmoqchi ekanini aytdi. Qachon vaqtim borligini so‘raganida, hozirning o‘zida, deb javob berdim.
Mashinani to‘xtatdim, bolalarimni rafiqam bilan shifokorda qoldirib, avtoturargohga chiqdim va klub prezidenti hamda murabbiyi bilan gaplashdim. O‘sha suhbatdan ikki kun keyin "Chelsi" mashg‘ulotlariga qaytishim kerak edi", — dedi Santos ESPN Brasil nashriga.
Ma’lum qilinishicha, "Manchester Yunayted" transfer bo‘yicha kelishuvga 48 soat ichida erishgan. Klub futbolchi uchun 48 million funt to‘lagan, yana 2 million funt bonuslar ko‘rinishida nazarda tutilgan.
Santos o‘tgan mavsum "Chelsi" safida barcha musobaqalarda 43 ta uchrashuv o‘tkazib, 3 ta gol urgan.













