“Lokomotiv” bosh murabbiyi Mirko Yelichich OKMK bilan kechgan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
“Qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Jamoa futbol o‘ynashga tayyor edi va maydonda harakat qilish yoqimli bo‘ldi. Natijadan biroz xafamiz. O‘ylaymanki, uch ochkoga loyiq edik, ammo birorta ham ochko qo‘lga kirita olmadik. Futbol shunday: ba’zida yaxshi o‘ynaysan, lekin hech narsaga erishmaysan, ba’zida esa yomon o‘ynab ham uch ochko olasan. Bugun bizga omad kulib boqmadi.
- Bugun ham jamoa xuddi birinchi davradagi kabi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida gol o‘tkazib yubordi. O‘shanda ham shunday holat kuzatilgandi. Goldan keyin futbolchilar hakamga e’tiroz bildirishdi. Ammo asosiy ayb futbolchilarning o‘zlarida emasmi? Chunki ular oxirigacha o‘ynashmadi, ayrimlari to‘xtab qoldi. Bu vaziyatga qanday qaraysiz?
- Menimcha, birinchi aybdor — hakam, ikkinchi aybdor esa o‘zimiz. Hakamning xatosi maydon markazida sodir bo‘ldi, bizning xatomiz esa o‘z darvozamiz oldida yuz berdi. Demak, har ikki tomonda ham xato bor. Balki hakam bu vaziyatni to‘g‘ri ko‘rmagandir. Men o‘sha holatdan besh metrcha uzoqlikda edim. To‘pning maydonni aniq tark etgani ko‘rinib turgandi. Ular bu vaziyatga qanday baho berishadi, qanday texnologiyalardan foydalanishadi — bilmayman. Ammo bu birinchi marta emas. Ikkinchi holatda ham to‘p maydonni tark etgani aniq ko‘rindi. Bunday tarzda mag‘lub bo‘lish juda alamli. Lekin hakamning xatosidan keyin ham jamoamiz qanday harakat qilishi kerakligini hal qilishimiz lozim edi.
- O‘yin qiziqarli bo‘lganiga qo‘shilaman, garchi ikki taym turlicha kechgan bo‘lsa-da. Birinchi taym juda qiziqarli o‘tdi. Ikkinchi taymda esa har ikki jamoaning himoyasi hujumidan ustun kelgandek tuyuldi. Ikkala jamoa ham ehtiyotkor o‘ynadi. Odatda "Lokomotiv"da zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar hujumni kuchaytiradi. Bugun esa almashtirishlardan keyin ham jamoa raqibni jiddiy bosim ostiga ola olmadi. Bu nima bilan bog‘liq? OKMK bunday holatga oldindan tayyorgarlik ko‘rganmidi?
- Bu turlicha bo‘ladi. Zaxirada o‘tirgan futbolchini o‘yinga tayyorlash oson emas. Ba’zida almashtirishlar samara beradi, ba’zida esa yo‘q. Bugun bu o‘zgarishlar bizga kutganimizdek yordam bermadi. Raqib himoya chizig‘idagi futbolchilar charchagan va oldinroq harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagandik. Shu orqali qanotlarda tezlikni oshirishni rejalashtirgandik. Ammo rejamiz kutganimizdek amalga oshmadi. Bu shunchaki yangi futbolchilarni maydonga tushirib, raqib himoyasi ortidagi bo‘sh hududlardan foydalanishga qaratilgan reja edi.
- "Lokomotiv" kubokda "Neftchi"ga qarshi bir taymda to‘rtta gol urdi. Ammo o‘sha ajoyib g‘alabadan keyin jamoa ketma-ket ikkinchi o‘yinda ham g‘alaba qozona olmayapti. Hujumda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishdagi muammoning sababi nimada? Jamoa bor kuchini "Neftchi"ga qarshi o‘yinga sarflab qo‘ydimi?
- Buning sababini topish qiyin. Balki buni faqat futbol xudosi biladi. Ba’zida vaziyatlardan foydalanishning uddasidan chiqasan, ba’zida esa yo‘q. Buni mahorat bilan ham bog‘lash mumkin, omad bilan ham. Buni qanday tushuntirish mumkin? Har bir o‘yin va har bir vaziyat turlicha bo‘ladi. Statistika hamma narsani anglatmaydi. Masalan, 50 ta golli vaziyat yaratib, faqat bitta gol urishingiz mumkin. Ba’zida esa beshta vaziyatdan to‘rtta gol urasiz. Hammasi o‘sha vaziyatlardan qanday foydalanishga bog‘liq. Bugun bizda o‘xshamadi. O‘tgan o‘yinda ham ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi, ammo ularni golga aylantira olmadik. "Qizilqum" himoyada yaxshi o‘ynadi.
Buni ham tan olish kerak. Raqibning himoyadagi harakatlarini ham e’tirof etish lozim. Agar siz vaziyatlar yarata olmasangiz, bu yomon. Ammo ko‘plab vaziyatlar yaratayotgan bo‘lsangiz, buning o‘zi yaxshi ko‘rsatkich. Bu — oldinga tashlangan birinchi qadam.
- Noyabr oyida "Andijon" bilan ikki marta o‘ynaysizlar: biri chempionat doirasida, ikkinchisi kubok bahsi. Asosiy syurprizni kubok o‘yini uchun saqlab qo‘yasizmi yoki har ikki uchrashuvga bir xil yondashasizmi?
- Biz uchun farqi yo‘q. Har bir o‘yinga bir xil yondashamiz. Bizning o‘z ish jarayonimiz va tayyorgarlik tizimimiz bor. Bu borada ortiqcha hissiyotlarga berilmaymiz. O‘rtoqlik uchrashuvimi yoki kubok yarim finalimi — biz uchun farqi yo‘q. Har bir o‘yinga maksimal darajada tayyorlanamiz. Har kuni qanday ishlasak, xuddi shu tarzda davom etamiz.
- Statistika hech qanday ahamiyatga ega emasligini aytdingiz. Qisman qo‘shilaman. Ammo OKMK so‘nggi oltita o‘yinda "Lokomotiv"ga qarshi olti marta g‘olib bo‘ldi. Sizningcha, O‘zbekiston kubogi finalida "Lokomotiv" va OKMK o‘zaro to‘qnash kelishi mumkinmi? Kubokdagi ambisiyalaringiz nuqtai nazaridan, OKMK siz uchun haqiqatan ham noqulay raqibmi?
- Yo‘q, umuman bunday deb o‘ylamayman. Men boshqa jamoalar haqida ko‘p o‘ylamayman. Biz faqat ochiq futbol o‘ynashga tayyor jamoamiz. Bugungi o‘yinda bemalol besh-oltita gol urishimiz mumkin edi. Ammo buni amalga oshira olmadik. Agar kubok finalida OKMK bilan o‘ynaydigan bo‘lsak, bu biz uchun yaxshi. Hech qanday muammo yo‘q. Umuman, ularga qarshi o‘tkazgan birinchi o‘yinimizda ham so‘nggi daqiqalarda mag‘lub bo‘lgan edik. Bugun ham shunday holat takrorlandi. Menimcha, har ikki uchrashuvda ham raqibdan yaxshiroq o‘ynadik. Agar finalda ham shu jamoa bilan to‘qnash kelsak, bundan xursand bo‘lamiz.













