"Napoli" darvozaboni Aleks Meret Turinning "Yuventus" klubiga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat haqida fikr bildirdi. Neapolliklar uchrashuvda javob goli ura olmay, 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
"Biz hali ayrim jihatlarni takomillashtirishimiz kerak. Aksariyat hollarda aynan shu mayda tafsilotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bugun bizga konsentrasiya va xotirjamlik yetishmadi: raqiblarga darvozamizga bemalol zarba berish imkonini yaratib berdik va natijada ular ikkita chiroyli gol urishdi. Har ikki jamoa ham g‘alaba qozonishga intildi, ammo raqib hujumchilarining mahorati yuqoriroq bo‘lib chiqdi.
Bu mavsumni biz kutganimizdek boshlay olmadik, biroq vaziyatni to‘g‘rilash uchun hali vaqt bor", — deya Meretning so‘zlarini keltirmoqda calcionapoli1926.it.
Keyingi turda neapolliklar Rimning "Lasio" klubiga qarshi maydonga tushishadi.













