"Real" darvozaboni Tibo Kurtua Ispaniya chempionatining o‘tgan turida "Barselona"ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborganidan so‘ng jamoaning asosiy tarkibiga qaytdi.
Belgiyalik darvozabon La Liganing 11-turi doirasida Santanderning "Rasing" klubiga qarshi safar o‘yinini asosiy tarkibda boshladi va o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Madridliklar 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Madrid klubi matbuot xizmati xabar berishicha, Kurtua "Real" safidagi o‘yinlar soni bo‘yicha Migel Anxelga tenglashdi. Endi ular klub darvozabonlari orasida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha uchinchi o‘rinni bo‘lishib turishibdi. Belgiyalik darvozabon hisobida 346 ta uchrashuv bor. O‘yindan keyin Kurtua muxlislarga murojaat qildi:
"Salom, madridliklar! Bu g‘alabadan va darvozamizdan gol o‘tkazib yubormasdan o‘yin o‘tkazganimizdan juda xursandman. Endi uch ochko uchun kurashni davom ettirish maqsadida Afinaga yo‘l olamiz. Olg‘a, Madrid!"
"Rasing" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin "Real" 27 ochko jamg‘ardi va La Liga turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Madridliklar peshqadam "Barselona"dan uch ochko ortda qolmoqda. Jamoa keyingi uchrashuvini 4 noyabr, chorshanba kuni Chempionlar ligasi umumiy bosqichining to‘rtinchi turi doirasida AYEKga qarshi o‘tkazadi.













