Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xitoy chempionatida to‘p surgan o‘zbekistonlik barcha futbolchilar

Xitoy chempionatida to‘p surgan o‘zbekistonlik barcha futbolchilar

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Rossiyaning «Krasnodar» klubidan Xitoyning «SHanxay SIPG» jamoasiga o‘tdi.

Odil Ahmedov Xitoy chempionatida to‘p suradigan eng mashhur o‘zbekistonlik futbolchi, lekin birinchisi emas. 2009 yildan beri Xitoy futbolining oliy divizionida kamida 17 nafar o‘zbekistonlik to‘p surgan — Odil bu borada o‘n sakkizinchi!

O‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham jalb etilgan bu himoyachi 2009 yili «Paxtakor»dan Xitoyning «Jiangsu Seynti» klubiga o‘tgan. Bir yildan so‘ng esa «Paxtakor» uni «Tianjin Teda» jamoasiga pullagan.

2009 yilgi mavsum «Bunyodkor»dan bir futbolchi Xitoyga ketgan. «SHenchjen Rubi» klubi himoyachi Aleksey Nikolayevga qiziqish bildirgan. Biroq uning Uzoq Sharqdagi faoliyati yodda qolarli chiqqan emas.

Sadriddin Abdullayev
«Paxtakor» Xitoy klublarining O‘zbekistondagi asosiy futbolchi yetkazib beruvchisidir. 2009 yil yarim himoyachi Sadriddin Abdullayev ham Chin o‘lkasini aylanib kelgan. Ayni vaqtda Anzur Ismoilov harakat qilayotgan «CHanchung Yatai» O‘zbekistonni birinchi bo‘lib Sadriddin Abdullayev orqali kashf etgan edi.

Zayniddin Tojiyev
«Paxtakor» Kleskovni «Jiangsu Seynti» klubiga bergan 2009 yilda Zayniddin Tojiyevni «Tianjin Teda» klubiga qo‘yib yuborgan edi. Vaqtida nafaqat ismi, balki o‘yini sabab fransiyalik Zidanga qiyoslangan hujumchi Xitoyda ko‘p ushlanib qolmagan.

Farhod Tojiyev
«Tianjin Teda»da 2010 yili Tojiyevlarning kichigi ham to‘p surgan. JCH—2010 saralashida Qatar darvozasiga bir o‘zi uchta gol urgan futbolchi chet el klublarining qiziqishiga sabab bo‘lishi aniq edi.

Asqar Jadigerov
Bir vaqtlar «Andijon» klubi yuragi sanalgan Asqar Jadigerov «Paxtakor»da paydo bo‘ldi. 2010 yili esa Toshkent klubi uni Xitoyning «Nanchang Xengyuan» jamoasiga jo‘natgan. Jadigerov — «Xitoyda o‘ynab ketolmagan o‘zbekistonliklar» nomli norasmiy klub a’zolaridan.

Islom Inomov
Islom Inomov yarim mavsum Xitoyda ishlagan o‘zbekistonlik futbolchilardan yana biri. U 2010 yilning yarmini «Nasaf»da o‘tkazib, yozda «Liaoning Vovin» klubi bilan shartnoma tuzgan va Xitoy chempionatida 13 o‘yinda maydonga tushgan. So‘ng, 2011 yilni «Bunyodkor» futbolchisi sifatida boshlagan.

Anzur Ismoilov
Anzur Ismoilov — Xitoy chempionatida rostmana o‘ynab keta olgan hozircha yagona o‘zbekistonlik, deyilsa xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi 2011 yildan beri «CHangchun Yatai»da va jamoaning asosiy tarkib o‘yinchisidir.

Eldor Magdeev
So‘nggi yillarda o‘zi uchun O‘zbekistondan ham klub topishi qiyin bo‘lib qolgan Eldor Magdeev 2011 yil Xitoyda, «Sindao Jonun» klubida o‘ynagan. Ijaradagi 11 o‘yindan so‘ng, u yana «Paxtakor»ga qaytgan.

Murod Xolmuhamedov
So‘nggi mavsumlarini Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasida o‘tkazgan Murod Xolmuhamedov Xitoy klublari bilan juda mustahkam aloqalarga ega «Paxtakor» agentlari yordamida 2011 yil «Dalyan Shayd» a’zosiga aylangan edi.

Kamoliddin Tojiyev
Bir oilaning uch vakili Xitoyda to‘p surishi — ajoyib holat. Avval akasi (Zayniddin Tojiyev)ni, keyinroq esa ukasi (Farhod Tojiyev)ni Toshkentdan Xitoyga kuzatgan Kamoliddin Tojiyev 2011 yili o‘zi safarga otlandi va «Jiangsu Seynti» futbolchisiga aylandi. Xitoydagi faoliyati bir yilga ham yetmagan aka-ukalaridan farqli ravishda, o‘rtancha Tojiyev 2013 yilga qadar legioner maqomini saqlab qola olgan.

Aziz Ibragimov
Slovakiya va Chexiya chempionatlarida o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi Aziz Ibragimov 2011 yili Xitoyga yo‘l oldi. U «Sindao Jonun»da ikki yil davomida 39 o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urgan va Xitoyda nisbatan yaxshi o‘yin ko‘rsatgan o‘zbekistonliklardan biridir.

Egor Krimes
Hozirgi O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkib o‘yinchilaridan biri hisoblangan «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi 2013 yili ham «Beyjing Goan»da ijarada bo‘lib qaytgan edi, 2016 yili esa xitoyliklar uni yana ijaraga olishdi — bu safar ikki yilga.

Shavkat Mullajonov
O‘zi uchun juda muvaffaqiyatli kechgan Osiyo Kubogi—2011 dan keyin legioner futbolchiga aylangan Shavkat Mullajonov, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi sermahsul faoliyatidan so‘ng, 2013 yili Xitoyning «Liaoning Vovin» jamoasida ham yomon o‘yin ko‘rsatmadi, lekin bu mamlakatda bir yildan ortiq ushlanib ham qolmadi.

Sherzod Karimov
Xitoyda «yarim mavsumlik xizmat safari»da bo‘lib qaytgan «paxtakorchilar»dan yana biri — «Sindao Jonun» safida 2013 yil olti o‘yinda maydonga tushgan. Yarim himoyachi hozir ham «Paxtakor» a’zosi hisoblanadi.

Artyom Filiposyan
Ma’lum muddat O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham jalb etilgan himoyachi «Bunyodkor»dagi ikki yillik faoliyatidan so‘ng 2014 yili yarim mavsum Xitoyning «Liaoning Vovin» jamoasida o‘ynab qaytdi.

Igor Sergeev
Samvel Babayan qo‘l ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘zgarmas «birinchi raqamli hujumchi»si 2016 yilning yozida «Paxtakor» tomonidan «Beyjing Goan»ga ijaraga berildi, dekabrda esa yana Toshkent jamoasiga qaytdi.

Odil Ahmedov
Anzur Ismoilovni hisobga olmasa, Xitoy klublari hech bir sinovsiz, o‘zi talabgir bo‘lib sotib olgan o‘zbekistonlik birinchi futbolchi — Odil Ahmedov. Braziliyalik Xalk uchun 55,8 million yevro, boshqa bir braziliyalik — Oskar uchun 60 million funt-sterling to‘lagan «SHanxay SIPG», norasmiy xabarlarga ko‘ra, Odil Ahmedov uchun Rossiyaning «Krasnodar» jamoasiga 7 million yevro to‘lagan.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 10:27, 31.12.2016.
O'qildi: 13644 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.