Britaniyalik jurnalist Pirs Morgan Krishtianu Ronaldu milliy jamoa qarorgohini tark etganidan so‘ng Portugaliya termasi 7-raqamli futbolkani navbatdagi ikki o‘yin uchun vinger Rafael Leauga berishga qaror qilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
"Agar bu rost bo‘lsa, jirkanch holat. Shuncha voqeadan keyin ham shunday qilishyapti. Krishtianu Portugaliya uchun juda ko‘p ish qildi, nima uchun ular unga bunday munosabatda bo‘lyapti? Kecha uning otasining tug‘ilgan kuni edi. U hatto otasi vafot etganidan keyingi kuni ham o‘z mamlakati uchun maydonga tushgan. Ular tarixidagi eng buyuk futbolchiga nisbatan bunday hayratlanarli hurmatsizlikni ko‘rish uyat", — deb yozdi Morgan X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
30 sentyabr kuni Ronaldu Portugaliya terma jamoasi qarorgohini tark etdi. U o‘z bayonotida bu qarorni nima sababdan qabul qilganini vaqti kelganda tushuntirishini ma’lum qildi.













