«Bavariya» himoyachisi Mats Hummels The Daily Mail nashriga bergan intervyusida Angliyaga yo‘l olmay, nima uchun Myunxen klubini tanlagani haqida gapirib o‘tdi. Yaqinda Mats o‘zi tug‘ilgan Myunxenga qaytdi.
Hummels barchaning diqqat markazida bo‘lishni unchalik xush ko‘rmaydi. Ko‘pchilikning fikricha, u mojaroli tarzda Dortmundning «Borussiya»sini «Bavariya»ga alishtirgan. Mats Ueyn Runining o‘yinlariga qiziqadi. O‘zining aytishicha, «MYU»da Ueyn bilan birga o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan.
- Uning atrofidagi gap-so‘zlar menga yoqmaydi. Bunday holatga o‘zim ham tushganman. Angliyada hozir nima bo‘layotgani meni qiziqtiradi. Runi «MYU»da necha yildan buyon o‘ynaydi? 12... Angliya terma jamoasida necha yildan buyon yetakchi? 10... Balki undanam ham ko‘pdir? Lekin har doim yuqori saviya namoyish qilish imkonsiz.
Devid Moyes 2013 yili Hummelsni «MYU»ga taklif qilmoqchi bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tib, Lui van Gal ham urinib ko‘rdi. Ammo himoyachi Germaniyada qolishni ma’qul ko‘rdi.
- «Yunayted»ga o‘tishga juda yaqin edim. So‘nggi yillarda bir necha bor muzokara o‘tkazganmiz. Angliyadan tashqari, Ispaniya grand klubidan ham taklif olganman. Lekin hech kim «MYU» singari jiddiy qiziqmagan. Van Gal Manchesterga ko‘chib o‘tishimni juda xohlagandi. Nima qilgan taqdirda ham endi Angliyada o‘ynashim qiyin. Bir oydan so‘ng 28 yoshga to‘laman. «Bavariya» bilan esa besh yillik shartnomam bor.
Hummelsning Angliya premyer-ligasiga yo‘l olmaganiga sababchi «Borussiya»ning o‘sha paytdagi ustozi Yurgen Kloppdir. Uning Matsga ta’siri juda katta bo‘lgan. Aprel oyida himoyachining «Bavariya»ga o‘tishi to‘g‘risida xabarlar tarqaganda, «Liverpul» ustozi uni qo‘llagan birinchi inson bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Hummelsning aytishicha, Kloppsiz hozirgi darajasiga chiqa olmas ekan. Ular juda yaqin munosabatda bo‘lishgan. 27 yoshli futbolchi Klopp «Gamburg»ga qarshi kechgan bahsning so‘nggi daqiqasidagi golni nishonlay turib, ko‘zoynagini sindirib olganini kulib eslaydi.
- U «Liverpul»da ham shu ishni qildimi? Boshqa murabbiy bo‘lganida, Dortmundda muvaffaqiyat qozona olmasdik. U juda ehtirosli. Agar Klopp bajarib bo‘lmas vazifani yuklasa, xatoga yo‘l qo‘yganini keyinroq tushunib yetadi. Ammo buning uchun uzr so‘rashni unutmaydi. Yurgen barchasini o‘ziga olavermaydi. «Liverpul»ning fanatiman, deya olmayman, Angliyada yoqtirgan jamoam yo‘q. Shunchaki, Kloppning g‘alaba qozonishini istayman. Agar u boshqa jamoaga ustozlik qilganida, aynan o‘sha klubga muxlislik qilaman. Bir so‘z bilan aytganda, Kloppning muxlisiman!
Hummelsning ta’kidlashicha, uning kumiri Zayniddin Zidan bo‘lgan ekan. Chunki Mats 15 yoshiga qadar hujum chizig‘ida o‘ynagan. Eng qizig‘i, buni ingliz tilida bemalol aytadi. Qanday qilib bu tilni o‘rgangan?
- Ingliz tili maktabida o‘qiganman. Keyinchalik uni o‘zlashtirib borganman. Ayniqsa, ingliz tilidagi ko‘rsatuvlarni tomosha qilish ancha yordam bergan. Shuningdek, «Taxtlar o‘yini» serialini inglizchada tomosha qilganman. Ayni payt boshqa bir davomli filmni ham ingliz tilida ko‘ryapman. To‘g‘ri, bu serial asosan ispanchada ishlangan. Lekin bu tilni ham oz-moz bilaman.
Dortmundni Myunxenga alishtirishdan oldin Hummels ikki oy qiynalib yurdi. Yakunda o‘tishga qaror qildi. Hozircha jamoaning natijalari unchalik yaxshi emas. Xususan, «Bavariya» YECHLda guruhda ikkinchi bo‘ldi. Birinchi o‘rin «Atletiko»ga nasib qildi. Biroq Hummelsning fikricha, «Bavariya»ning Karlo Anchelotti boshqaruvida kelajagi porloq.
- Kim uchundir «Bavariya»ga o‘tish qarorim og‘riqli bo‘lganini bilaman. Lekin o‘zim, rafiqam Keti, oilam va do‘stlarimni o‘ylashim kerak edi. Sog‘ingan joyimga qaytish imkoniyati tug‘ilgandi. Shunchaki, Myunxenga kelishni istagandim.