Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Siz bo‘shadingiz! Murabbiylarning iste’foga chiqarilish statistikasi

Siz bo‘shadingiz! Murabbiylarning iste’foga chiqarilish statistikasi

Baho:
+ | -

FootballHD.ru sayti Yevropadagi eng kuchli 5ta milliy chempionatning so‘nggi 5-6 yillik arxivini titkilab, mavsumning yarmigacha murabbiylarni iste’foga chiqarish masalasiga bog‘liq bir qator qiziqarli raqamlar va faktlarni to‘pladi. O‘ylaymizki, bu kabi tahlil-taftishlar ham ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak.

Mana, futbol chempionatlari sekin-asta oraliq marraga yetib keldi va kelyapti. Ayrimlarida Rojdestvo va Yangi yil bayrami ta’tillari tugadi, hisob. Shunday ekan, hozirdan ba’zi xulosalarni bayon etish imkoni bor. Bilasiz, tanaffus payti hamma asosan futbolchilar haqida gapirishga odatlanib qolgan va turli ramziy terma jamoalar tuzish urf hisoblanadi. Biz esa bugun murabbiylar, aniqrog‘i, ularning iste’foga chiqarish masalasini tahlil etishni lozim topdik. Zamonaviy futbolda jamoa ustozi oldiga qo‘yiladigan talablar tabiiy ravishda keskin oshgani ayni haqiqat.

Shunga muvofiq, murabbiylik sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda, ammo iste’folar foizi ham o‘smoqda. Xo‘sh, Yevropaning yetakchi birinchiliklarida mavsumning birinchi yarmida, ya’ni yangi yilgacha yuz beradigan is’tefolarda qanday umumiy tendensiya mavjud? Buni aniqlash uchun joriy mavsumni qo‘shib hisoblaganda, oxirgi 6 yillik davrning ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratish joiz.

Demak, avvaliga qaysi ligalarda murabbiylarning qishki bayramlargacha ishdan mahrum bo‘lishlari ehtimoli kattaroq ekanligini bilish uchun avvalgi mavsumlarda shu davrga qadar kuzatilgan iste’folarning o‘rtacha miqdorini keltiramiz:

APL (Angliya) - 3ta iste’fo

Liga 1 (Fransiya) - 3ta iste’fo

La-liga (Ispaniya) - 4,3ta iste’fo

Bundesliga (Germaniya) - 4,3ta iste’fo

«A» seriyasi (Italiya) - 5,5ta iste’fo

Ko‘rinib turibdiki, eng sabrli klub xo‘jayinlari Fransiya va Angliya chempionatida yig‘ilishgan. Janubiy va issiq o‘lkalar - Ispaniya hamda Italiyada odamlar ancha ehtirosli ekanliklari ma’lum. Tabiiyki, bu ta’rif aksariyat klub sohiblariga ham taalluqli. Buni iste’folarning o‘rtacha soni ko‘rsatib turibdi. Biroq doimo aniq hisob-kitob bilan yashaydigan va tartibli tizimga asos solishgan nemislarning janubliklar davrasiga qo‘shilib qolishgani tushunarsiz holat. Bu tahlildan xulosa shuki, ishlash va o‘z g‘oyalarini amalga tatbiq etish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘lishni istaydigan murabbiyning Angliya yoxud Fransiyaga borgani ma’qul. Apenninda ish boshlagan mutaxassis aksincha, har kuni porox to‘ldirilgan bochkada o‘tirishga ko‘nishi lozim...

Davom etamiz. Ikkinchi tahlil o‘z murabbiyiga javob bergan klubning o‘sha vaqtdagi o‘rniga bog‘liq. Albatta, bunda ham o‘rtacha ko‘rsatkich hisobga olingan. Shuningdek, Germaniya bundesligasida qolgan 4ta chempionatdagi kabi 20ta emas, balki 18ta jamoa borligini ham unutmaslik kerak:

La-liga (Ispaniya) - 16,4-o‘rin

«A» seriyasi (Italiya) - 16,2-o‘rin

Liga 1 (Fransiya) - 15,9-o‘rin

APL (Angliya) - 15,6-o‘rin

Bundesliga (Germaniya) - 15,3-o‘rin

Bu boradagi umumiy manzara tamomila boshqacha xulosa chiqarishga undaydi. Avvalgi tahlil APLda ishlash nisbatan ishonchli ekanligini ko‘rsatgan bo‘lsa, bunisi qarama-qarshi taassurot qoldirmoqda: u yerda hattoki, umumiy holdagi yaxshiroq natija ham bosh murabbiy lavozimini saqlab qolishga kafolat bo‘lolmaydi. Harqalay, aynan Angliyada iste’foga chiqqan murabbiylarning o‘sha vaqt bo‘yicha turnir jadvalida ta’minlagan o‘rtacha o‘rni yuqori. To‘g‘ri, Germaniya bundesligasida bu ko‘rsatkich APLnikidan ham baland, ammo u yerda ishtirokchilar soni 18ta ekanligini hisobga olsak, bu borada inglizlar rahmsizroq bo‘lib chiqishadi. Tahlil shundan dalolat berib turibdiki, La-liga va «A» seriyasida asosan mutlaqo omadsizlikka yuz tutgan mutaxassislarni ishdan bo‘shatishadi.

Uchinchi tahlil: qaysi ligalarda jamoalar turnir jadvalining yuqori yarmida yurishiga qaramay, murabbiylar ko‘proq iste’foga chiqarilgan? Tabiiyki, bu hisob-kitob foiz nisbati bo‘yicha chiqarilgan:

Bundesliga (Germaniya) - 8 foiz

La-liga (Ispaniya) - 12 foiz

APL (Angliya) - 17 foiz

Liga 1 (Fransiya) - 17 foiz

«A» seriyasi (Italiya) - 18 foiz

Eh, ehtirosli italyanlar... «A» seriyasida har yili o‘rtacha hisobda turnir jadvalining yuqori qismida borayotgan bitta jamoa bosh murabbiyi birinchi davra davomida ishdan mosuvo bo‘ladi. Angliya va Fransiyada ham bu boradagi ko‘rsatkich foizi deyarli shuncha. Ya’ni inglizlar va fransuzlar turnir jadvalining birinchi yarmidagi jamoa bosh murabbiyiga javob berish masalasida (albatta, jami is’tefolarga foiz nisbatida) Yevropa «etigi»dagi klub xo‘jayinlaridan uncha orqada emaslar. Ushbu yo‘nalishda nemislarni barchaga namuna sifatida ko‘rsatish mumkin. Ha, Germaniyada jamoani mamlakat ligasining 1-9-o‘rinlarida olib yuradigan murabbiiylarni juda yaxshi qadrlashadi. Eng qizig‘i, ehtirosli ispanlar ham yaxshi ishni munosib baholashni o‘rniga qo‘yishmoqda. Tahlil uchun olingan 5,5 yillik davrga qarasak, bir qator qiziqarli faktlar ham yuzaga chiqadi. Deylik, Roberto di Matteo ishdan olingan vaqtda uning klubi - «Chelsi» turnir jadvalining kuchli uchligidan joy olib turgandi. Eli Bop esa «Marsel» bilan xayrlashganida, jamoa 5-o‘rinda edi. Hammasidan Antuan Kombuarening taqdiri diqqatni tortadi - u «PSJ» chempionatda karvonboshilik qilayotganiga qaramay, iste’foga chiqarilgan.

Navbatdagi tahlil alohida klublarga qaratilgan. Xo‘sh, qishki tanaffusgacha murabbiyga javob berishda qaysi jamoalar peshqadamlik qilishmoqda?

APL (Angliya): «Kristal Pelas» va «Sanderlend» - 3tadan is’tefo

La-liga (Ispaniya): «Valensiya» - 4ta iste’fo

Bundesliga (Germaniya): «Shtutgart» va «Shalke» - 3tadan iste’fo, «Gamburg» - 4ta iste’fo

«A» seriyasi (Italiya): «Inter», «Sampdoriya», «Kyevo», «Kalyari», «Jenoa» - 3tadan iste’fo, «Palermo» - 5ta iste’fo

Liga 1 (Fransiya): peshqadam jamoa yo‘q

- Italiyada murabbiylarni xuddi qo‘lqopdek almashtirishadi. Bu gapda darhaqiqat, jon bor. Italyanlar chindan ham, jamoa ustozi chiptasini tezda qo‘liga tutqazishdan sira xijolat tortmaydilar. To‘g‘rirog‘i, bunday «ta’rif» asosan ma’lum jamoalar tufayli yuzaga kelgan. Ulardan eng «ilg‘ori» - «Palermo». Yanada aniqroq aytsak, bu jamoaning tushunib bo‘lmas xo‘jayini Maurisio Zamparinining ulushi juda katta. Go‘yoki, deyarli har yili 1 yanvargacha bitta iste’fo xususida qaror chiqarmasa, uning ko‘ngli joyiga tushmaydigandek. Zamparini ayniqsa, joriy mavsumda shartnomani vaqtli bekor qilishga shunchalik berilib ketdiki, dekabr oyigacha «Palermo» futbolchilari 3 nafar bosh murabbiy bilan tanishishga ulgurishdi. Vaqtida muvaffaqiyatli sanalgan «Valensiya» va «Shalke» klublaridagi muammolar ham aynan shu jihatda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Jamoalar sohiblari negadir oddiy qoidani e’tiborga olishmayapti. Ya’ni murabbiy masalasida barqarorlikka erishmay turib, omadli ishtirokka umid bog‘lash qiyinligini unutib qo‘yishyapti, chog‘i. Fransiya ligasida barchasi sokin va tekis: hech qaysi klub oxirgi 6 yillik davrda 2 martadan ortiq murabbiy almashtirgan emas. Yana «A» seriyasidagi «quvnoq»likni alohida ta’kidlashga majburmiz: bu oraliqda naq 6ta jamoa qishki tanaffusga qadar o‘z yo‘lboshchisini 3 marta yoki bundan ham ko‘p o‘zgartirgan. Vaholanki, qolgan 4ta chempionatda bunday «jasorat» ko‘rsatgan klublarning umumiy soni ham 6taga teng.

Nihoyat, oxirgi savol: qaysi mutaxassislar «erta iste’fo» qoidasidan ko‘proq jabr chekishgan? Boshqacha aytganda, kimlar kamida 2 marta o‘z vakolatlarini erta kunda topshirishga majbur bo‘lishgan?

APL (Angliya): yo‘q

La-liga (Ispaniya): Xose Luis Mendilibar - 2 marta

Bundesliga (Germaniya): Bruno Labbadia, Diter Xekking, Mirko Slomka, Markus Babel - 2 martadan

«A» seriyasi (Italiya): Juzeppe Yakini, Delio Rossi, Pyerpaolo Bisoli, Massimo Fikkadenti - 2 martadan, Juzeppe Sannino - 3 marta

Liga 1 (Fransiya): yo‘q

Ko‘rib turibmizki, APL va Liga 1 klublari bu masalada o‘rnak bo‘lish-yapti. Tabiiyki, bunda murabbiylarning yangi jamoaga ko‘chib o‘tishda hushyorlikni oshirishlari va aql bilan ish tutishlari ham muhim o‘rin tutadi. Zero, ular duch kelgan taklifni qabul qilavermaydilar. Xullas, avvalo, barchasini hisob-kitob tarozusiga solishadi va uzoqroq ishlashga ko‘zlari yetsagina shartnomaga imzo chekishadi. Italiya birinchiligi bu masalada ham aql bovar qilmas ko‘rsatkichlarga ega. Qarang, Apenninda naq 4 nafar murabbiy qishki tanaffusga qadar 2 martadan ishdan ayrilgan bo‘lsa, bechora Juzeppe Sannino 3 marta shu kuyga tushgan. To‘g‘ri, Germaniya ligasi ham bu borada u qadar ortda emas. Biroq hammasi nemis mutaxassislarining xorijga kam chiqishlari, ya’ni asosan o‘z yurtlarida ishlashni ma’qul ko‘rishlariga bog‘liq. Yana o‘sha eng «qo‘nimsiz» Juzeppe Sanninoga qaytamiz. Uning oxirgi 6 yilda mavsumning birinchi yarmidayoq naq 3 marta ishdan ayrilganiga «Karpi», «Kyevo» va albatta, «Palermo» klublari sababdir. Shuningdek, «Kalyari»ni ham alohida tilga olish kerak. Bu jamoa bir necha yil oldin birinchi davrada bir kishini 2 marta iste’fo bilan «siylash»ga jazm etgandi. Ushbu bechora bosh murabbiyning ismi sharifi - Massimo Fikkadenti.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 19:01, 23.01.2017.
O'qildi: 14730 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.