Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xarxasha

Xarxasha

Baho:
+ | -

O‘tgan hafta Eron terma jamoasi atrofida tarqalgan xabarlar bilan qiziqarli o‘tdi. Avvaliga eronliklar bosh murabbiyi Karlush Keyrush iste’foga chiqishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu haqda murabbiyning shaxsan o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida aytib o‘tdi. Shunga monand O‘zbekiston futbol federasiyasi rasmiy sayti ham darrov xabar chiqara qoldi. Biroq bu yangilikning umri uzoq bo‘lmadi. Oradan bir kun o‘tar-o‘tmas, Eron futbol federasiyasining Keyrush bilan xayrlashmasligi aniq bo‘ldi. Mazkur masalaga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytilishicha, murabbiy bilan bog‘liq kelishmovchiliklarga barham berilib, u o‘z joyida qoladigan bo‘lgan.

Albatta, bu haqda siz ham eshitib ulgurgan bo‘lsangiz kerak. Shunday ekan, aytilganlarni yana takrorlash istagida emasmiz. Ammo bir jihatga e’tiboringizni qaratsak. Fikrimizni to‘liq ifodalash uchun Karlush Keyrush nima uchun ketishga qaror qilganini yana bir bor eslab o‘tish lozim bo‘ladi.

- Do‘stlar, federasiya prezidenti bilan besh soatlik suhbatdan so‘ng terma jamoadan ketish haqida ariza yozdim», - dedi portugaliyalik mutaxassis iste’fo haqida ma’lumot berarkan. - Terma jamoaning JCH-2018 saralash bahslariga tayyorgarlik rejalarini amalga oshirish uchun hech qanday sharoit yo‘qligi, federasiyaga qarshi bo‘lganlarning ko‘pligi, terma jamoa g‘alabasini o‘ylamaydigan sport agentlari borligi uchun shu qarorga keldim. Mag‘lubiyatsiz bir yil, JCH-2018 saralashi 3-bosqichida guruhda birinchi o‘rinni egallab turganimiz, Eron FIFA reytingida Osiyoning eng kuchli jamoasi bo‘lganidan keyin ham EFF tayyorgarlik rejasini amalga oshirish uchun hech qanday sharoit hamda vakolat yo‘qligini aytmoqda. Shu sababli ketishga qaror qildim».

Biroq bu ketish amalga oshmadi. Nima uchun? Buning sabablari ko‘p va o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Axir kim ham o‘tgan yil davomida biror marta mag‘lubiyatga uchramay, ayni vaqtda JCH saralashida birinchi o‘rinda borayotgan murabbiy bilan xayrlashishni istaydi? Boz ustiga, Keyrush Eron terma jamoasi boshqaruvidan ketishni sidqidildan xohlamaganini taxmin qilish qiyin emas. To‘g‘ri-da, shuncha ishni amalga oshirib qo‘ygandan keyin, shunchaki, tashlab ketishning o‘zi bo‘ladimi?

Agar hozir forslar termasi bosh murabbiyi baribir ketmasligini oldindan bilgan edim, desam, aniqki, ishonmaydiganlar ko‘payadi. Shunday bo‘lsa-da, ta’kidlab qo‘yay, shaxsan o‘zim portugaliyalik mutaxassisning o‘rniga boshqasi tayinlanmagunga qadar bu gap-so‘zlarga ishonmay turishni ma’qul ko‘rgandim. Nima uchun? Chunki Keyrush bilan bunga o‘xshash holat ilgari ham ro‘y bergan, ammo baribir, o‘z o‘rnida qolgandi. Shunchaki, uning ish uslubi shunaqa. Biror-bir talabi amalga oshmay qolsa, darhol ketish haqida dag‘dag‘a qilishga o‘tadi. Shu vaqtgacha yozgan arizalari ham besh-oltita bordir... Qiziq tomoni, har safar uning «do‘qi» ish berib, Keyrushning aytgani aytgan, degani degan bo‘lib kelmoqda. Bu safargi «xarxasha» ham istisno bo‘lmadi. Ammo bizning maqolamiz bu haqda emas. Eronliklar o‘z yo‘liga, bizni o‘z jamoamiz ko‘proq qiziqtiradi.

Yaxshi bilasiz, O‘zbekiston milliy termasining ish rejasida ham o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Hatto, aytish mumkinki, Erondagidan ham ko‘proq. Ammo bizning murabbiylar ko‘p e’tibor bermaydilar. Boriga qanoat qilib, muammolarni ortga tashlab ketaveradilar. O‘rtoqlik o‘yini bekor qilindimi? Hechqisi yo‘q, «oqlarga-ko‘klar» o‘ynab qo‘yaveradilar. Legionerlar yig‘inda ishtirok eta olishmasa, o‘rniga mahalliy futbolchilarni chaqirish mumkin. Garchi ular baribir, rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etishmasa-da. Yana tashkilotchilik borasida katta-kichik muammolarga qo‘l siltab ketaverish ham bizning murabbiylarga xos. Ular Keyrush kabi injiq emaslar, boriga ham, yo‘g‘iga ham ko‘nib ketaverishadi. Ammo bu «ko‘nishlar» natijaga ta’sir o‘tkazmayaptimi? Eron terma jamoasi Keyrush bilan bir marta mundialda ishtirok etdi va ikkinchisiga ham ancha yaqin turibdi. Biz-chi?

Ochig‘ini aytsak, O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan murabbiylar orasida oxirgi marta jiddiy talab qo‘ya olgani Abramov bo‘lgan, desak, adashmasak kerak. Vadim Karlenovich terma uchun kerak bo‘lgan sharoitni har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da talab qila olardi. Shu sabablidir, milliy jamoa tarixidagi eng yaxshi natija aynan unga tegishli bo‘lib turibdi - Osiyo kubogi yarim finali. Ammo keyin na Mirjalol Qosimov va na Samvel Babayan shunday natijaga erisha olishdi.

Xalqimizda «Bola yig‘lamasa, ona sut bermaydi», degan maqol bor. Garchi bu naql biroz qo‘polroq chiqsa ham, baribir, ushbu maqolani qo‘llashga ahd qildik. Karlush Keyrush qachon «yig‘lash» kerakligini yaxshi biladigan «bola» chiqib qoldi va o‘z o‘rnida «yig‘lab bermoqda». Biznikilar-chi? Qachon biznikilar ham «yig‘lashni» o‘rganadilar?

ABDULLOH, "Interfutbol" gaxetasi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:54, 24.01.2017.
O'qildi: 11709 marta.
Fikrlar: 10 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.