Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

"Beozor jallod" - Dirk Kyoyt

"Beozor jallod" - Dirk Kyoyt

Baho:
+ | -

Gollandiyalik dongdor universal futbolchi Dirk Kyoyt APL tarixida yorqin iz qoldirgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Buyuk Britaniyaning FourFourTwo jurnali bu safar aynan mallasoch to‘purarni maxsus suhbatga chorladi.

Shu tariqa «Beozor jallod» nomini olgan Dirk muxlislardan tushgan turli savollarga javob qaytarish asnosida «Liverpul» klubiga bog‘liq eng yorqin xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. U shuningdek, Angliya, Gollandiya va Turkiyadagi derbi o‘yinlarida qanday farqli tomonlari borligi xususida so‘z yuritib, kelajak rejalariga ham to‘xtaldi.

— Birinchi savol: aytingchi, hayotingizni futbol bilan bog‘lashdan oldin qaysi kasbni tanlashni orzu qilgandingiz?

— Esimni tanibmanki, faqat futbolga qiziqqanman. Deylik, 5 yoshga to‘lgach, mahalliy havaskorlar jamoasi - «Kvik Boyz»da o‘ynay boshlaganman. Bu klubda 12 yil shug‘ullangan bo‘lsam, bitta orzu - uning asosiy tarkibiga kirish ishtiyoqi bilan yashaganman. Xullas, bundan bosh-qa kattaroq orzu haqida o‘ylay ham olmasdim. Umuman, bolalikda futbol va o‘qishdan tashqari, odatiy ishim ham bor edi. «Utrext» tizimiga o‘tganimdan keyin o‘sha yumushdan butkul voz kechishimga to‘g‘ri kelgandi.

— Butun faoliyatingiz davomida turli pozisiyalarda to‘p surgansiz. O‘zi qaysi ampluada boshlagandingiz?

— Yoshligimda asosan hujumchi vazifasini bajarardim. «Utrext»da ham boshida oldingi chiziqda to‘p surdim, biroq vaqt o‘tishi bilan meni ba’zan chap qanotga qo‘yishdi. Keyinchalik «Feyenoord» safiga qo‘shilib, yana sof markaziy hujumchiga aylandim. Terma jamoaga chaqirilganimda esa, murabbiylar o‘ng tomonda o‘ynashimni xohlashdi. Deylik, Marko van Basten boshqaruvida deyarli muntazam ravishda qanotlarda harakatlanganman.

— E’tiborlisi, 18 yoshga to‘lguningizcha havaskorlar darajasida to‘p surish bilan cheklangansiz. Qiziq, nahotki, shuncha vaqt biror katta klub nazariga tushmagan bo‘lsangiz...

— Darhaqiqat, anchagacha hududiy jamoalarda o‘ynaganman. Aslida bungacha professional klublardan ham takliflar olganman. Misol uchun, ikkinchi divizionda ishtirok etuvchi  «Xarlem» va «Telstar» jamoalari qiziqish bildirishgandi. Biroq o‘zim «Kvik Boyz» yoshlar akademiyasidagi holatimdan xursand edim. Chunki saviya yetarli darajada baland bo‘lib, o‘yin bobida o‘sayotganim yaqqol bilinardi. Xususan, 16 yoshimdayoq terma jamoadan chaqiruv olgandim, biroq ko‘rikdan keyin yig‘inga borgan emasman. Umuman, chakki o‘ynamasligimni bilardim, ammo taqdir meni qayerga boshlashini sira tasavvur qilolmasdim.

— Gollandiya kubogi-2003 finalidagi ajoyib harakatlaringizdan so‘ng sizni nihoyat, «Feyenoord» sotib oldi. Aynan o‘sha kuni futbolchi sifatida jiddiy yutuqqa erishganingizni tushungandirsiz...

— Aslida «Feyenoord» safiga qo‘shilishimni kubok finalidan oldin bilganman. Vaziyat ancha keskin edi - aralash hissiyotlar. O‘yin o‘ta muhim, shunga yarasha, misli ko‘rilmagan bosim... Lekin men «Utrext»ga oxirgi marta bor kuchim bilan xizmat qilishim mumkinligini qalban his etib turardim. Boz ustiga, final «Feyenoord» muxlislari oldida nimalarga qodirligimni ko‘rsatish uchun birinchi ajoyib imkoniyat edi. Yakunda gol urganman va biz 4:1 hisobida g‘alaba qozonganmiz. «Utrext»dagi faoliyatim shunday yuqori notada xotima topganidan g‘oyat baxtiyorman. O‘sha kuni ham «Utrext», ham «Feyenoord»ning ko‘plab muxlislari meni o‘z joylaridan turgan holda olqishlagandilarki, bu yoqimli manzara hamon ko‘z o‘ngimda. Aytishim joiz, «Feye» fanatlari bilan o‘rtamizdagi mustahkam do‘stlik rishtalariga aynan o‘sha oqshom asos solingandi.

— 2006 yili «Liverpul» safini to‘ldirishingiz arafasida oldingizda yana qanday variantlar bor edi?

— «Liverpul» transferni amalga oshirishidan bir yilcha oldin «Tottenxem»ga o‘tishim hech gap emasdi. Chunki jamoa murabbiyi Martin Yol va raisi Deniel Levi menga jiddiy qiziqishgandi. Biroq ular transferlar muddatining oxirgi kunidagina rasmiy taklif yuborishdi. Men esa bunday holatda tavakkal qilishni istamadim. Keyinchalik «Liverpul» asosiy da’vogarga aylandi, ammo «qizillar» bilan ham muzokaralar uzoqqa cho‘zildi. Bu vaqtda yana bir qator klublar aloqaga chiqishdi. Xususan, Madrid «Atletiko»si. Bu ham yomon variant emasdi, lekin «Liverpul»ning maqsadi jiddiy ekanligini bilgach, shunchaki, boshqa klublar haqida o‘ylamadim hatto. Zero, bolaligimdan bu jamoaga mehrim baland edi.

— Rafael Benites ilk marta o‘ng qanotda o‘ynashingiz xususida ko‘rsatma berganida, buni qanday qabul qilgan edingiz? Ushbu pozisiyada uzoq vaqt qolishni xayolingizga ham keltirmagandirsiz...

— «Liverpul»da avvaliga hujumchi, aniqrog‘i, ortga surilgan forvard sifatida o‘ynadim. Birinchi mavsum juda omadli kelib, hattoki, APLning eng yaxshi to‘purari bo‘ldim. 2007 yil yozda ta’til uchun Arubaga bordim va «Liverpul»ning Fernando Torres bilan shartnoma tuzganini o‘sha yerda o‘qidim. Keyingi mavsum juda og‘ir keldi: otam vafot etdi, dastlabki 2 oyda maydonda ishim sira yurishmadi. O‘sha vaqt Torres va Jerrard ajoyib formaga kirgandilar. Jumladan, Stiven «10-raqam» pozisiyasida qoyilmaqom harakat qilardi. Xayriyatki, men uchun o‘ng qanotda joy bo‘shatishdi. Yangi pozisiyadagi ilk o‘yinlardan birida «Inter» vakillariga qarshi turishimga to‘g‘ri keldi. O‘sha bahsda harakatlarim samarali chiqdi va shu-shu ishlarim yurishib ketdi. Ya’ni hal qiluvchi gollarni urishdan tashqari, keskin uzatmalarni amalga oshira boshladim. Xullas, hammasi o‘z joyiga tushib, «Liverpul» o‘yin tizimiga muammosiz moslashib oldim.

— CHL-2007 yarim finali. Raqib - «Chelsi». Penaltilar seriyasi. O‘shanda 11 metrli zarbani ijro etishda nechog‘li asabiylashgandingiz?

— Ochig‘i, barchasi quyuq tuman ichida bo‘lgandek - o‘yinning o‘zi juda asabiy tus olgandi. Esimda, «overtaym»da gol urgandim va u final yo‘llanmasi taqdirini hal etishi mumkin edi. Biroq golni hisobga olishmadi - katta xato. Penaltilar seriya vaqti esa, faqat finalga chiqishni o‘ylaganman, xolos. Keyin men tepadigan 4-penalti hal qiluvchi bo‘lishi mumkinligi oydinlashdi. Haligacha barchasi ko‘z o‘ngimda: to‘pni darvoza to‘riga yo‘llaganimdan so‘ng stadion go‘yoki, portlagandi. Bu men uchun «Enfild»dagi eng yaxshi kunlardan biridir. Aslida yevrokuboklar doirasidagi barcha uchrashuvlar — takrorlanmas xotira. Axir biz «Real» va «Barselona» klublariga ham qarshi o‘ynaganmiz. Lekin aynan o‘sha davrda «Chelsi»ga ko‘p marta to‘qnash kelganmiz va biror o‘yin zerikarli kechmagan. Boz ustiga, o‘shanda «ko‘klar»ni Joze Mourinyo boshqarardi va u o‘z odatiga ko‘ra, olovga moy quyishni yoqtirardi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, bizni to‘xtatish qiyin edi, chunki yengilishni xayolimizga ham keltirmasdik.

— 2007 yilgi CHL finalida «Milan» darvozasiga gol urgansiz, ammo «Liverpul» yutqazgan, baribir...

— Tan olish joiz, finalga chiqqanimizning o‘zi katta natija edi. Biroq bu holat mag‘lubiyat alamini pasaytirgan emas zarracha. Chunonchi, «Milan»ga jiddiy noqulayliklar tug‘dirish uchun o‘yinni talab darajasida nazorat qilolmagandik. Boz ustiga, italyanlar kerakli paytda 2ta gol urishgan. Ha, bitta javob goli mening hisobimga yozilgan, ammo «Istanbul mo‘’jizasi»ni takrorlash uchun vaqt qolmagandi, hisob. Agar rostini aytsam, o‘shanda finalda o‘ynaganimning o‘zidan xursand edim. Gap shundaki, o‘yin oldidan bir voqea sabab, tarkibdan tushib qolishim hech gap emasdi. Aniqroq aytsam, yigitlar kartda sayrga chiqishgan va men rulni boshqarishni istamay, barchasini chetda, Benites hamrohligida  tomosha qilishni ma’qul ko‘rgandim. Keyin bir qarasam, Piter Krauch avtosi chamasi soatiga 35 mil tezlikda to‘g‘ri ustimga kelyapti. Xayriyatki, yuqoriga sakrab olishga ulgurdim va karton devorga urildim. Qisqasi, Krauchning meni majruh qilishiga bir bahya qolgandi. Piterning o‘sha vaqtdagi holatini tasavvur qiling-a... Rangi o‘chib, daraxtdek qotib qolgandi. Baxtimga hammasi yaxshilik bilan tugadi va menga finalda o‘ynash nasib etdi.

— «Enfild»da kim kuchliroq edi: Fernando Torresmi yoki Luis Suares?

— Qaysidir birini tanlash adolatdan emas. Vaqtida hech kim Torres bilan tenglasholmasdi. Chunki alohida o‘yin uslubi bor edi - chaqmoqdek tezlik, raqiblar darvozasi yonida qat’iylik. Unga to‘pni yaxshi holatda oshirgangiz kifoya qilardi - qolganini o‘zi qoyillatardi. Luisga kelsak, u mutlaqo boshqacha uslubga tayanadigan yigit - shunchaki, mo‘’jizakor hujumchi. Maydon va uning tashqarisidagi Suares o‘rtasida katta farq bor. Ya’ni hayotda o‘ta xotirjam, kamtarin, hazilkash yigit. Maydonda esa g‘alaba yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan qaysar. Luis shu xarakteri tufayli vaqti-vaqti bilan muammolarga duch keladi, ammo ochiq tan olish kerak, maydonda ham yumshoqlikni saqlab qolganida, hozirgi darajasiga chiqolmasdi zinhor.

— Sizningcha, Yurgen Kloppning hozirgi jamoasiga qanchalik mos tushardingiz?

— Chetdan turib aytganda, bemalol o‘ynab ketardim, menimcha. To‘g‘ri, Klopp bilan yaqindan tanish emasman va mashg‘ulotlarni qanday olib borishini ham bilmayman. Ammo hozirgacha eshitganlarimga tayanib, bemalol aytamanki, bunday murabbiy menga yoqadi va uning boshqaruvida maroq bilan o‘ynardim.

— Turk futboli biroz «xavfli»dek ko‘rinadi. «Fenerbaxche»dagi faoliyatingizdan eng esda qolgan voqeani bayon eta olasizmi?

— «Trabzonspor»ga qarshi kechgan o‘yinlardan birida barchasi nazoratdan chiqib ketgandi. O‘yin shunchalik keskin tus oldiki, u tugaganidan so‘ng kiyinish xonasida naq 4 soat qamalib o‘tirishimizga to‘g‘ri keldi. Ya’ni raqib jamoa fanatlarining tarqalishlarini kutdik. Oxir-oqibat, bizni aeroportga zirhlangan polisiya mashinalarida eltib qo‘yishdi. Turklar tabiatan o‘ta ehtirosli, bu ko‘pincha ijobiy xarakter kasb etadi, ammo ba’zan...

— Eng qaynoq derbi qayerda: Rotterdamdami, Liverpul yoki Istanbulda?

— Hammasining o‘ziga yarasha yaxshi tomonlari bor. Misol uchun, Liverpulda har ikki jamoa muxlislari stadionga xotirjam kirishadi va o‘zaro do‘stona munosabatni saqlab qolishadi - bu yoqimli. Rotterdamda esa bu borada muayyan muammolar bor, Turkiyaga kelsak, barchasi shunchaki, aqlga sig‘maydi...

— Maydonda ham, mashg‘ulotlarda ham doimo mehnatkashlik xislati bilan ajralib turgansiz. Qiziq, faoliyatingiz davomida sizdan-da ko‘proq ter to‘kadigan biror futbolchini uchratganmisiz?

— Stiven Jerrardni aytishim mumkin - u charchash nimaligini bilmasdi. Yana Yon-Arne Riise ham  sira tinmasdi. Janubiy amerikalik Luis Suares va Xavyer Maskerano esa milliy jamoalaridan charchagan holda kelishsada, darhol hamma qatori mashg‘ulotlarga kirishardi. Ya’ni ularning noliganlarini biror marta ko‘rgan emasman.

— Oxirgi savol: kelajakda sizdan nima kutsak bo‘ladi? Qachongacha o‘ynashni rejalartiryapsizu, butsalaringizni mixga ilganingizdan so‘ng murabbiylik qilish niyatingiz bormi?

— Mohiyatan olganda, qaysidir jamoani shug‘ullantirishga qarshi chiqmasdim. Ammo yaxshi futbolchi bo‘lganing murabbiylikda ham ishing o‘ngidan kelishiga kafolat emas. Shunday ekan, bu ishga layoqat sezsam, albatta, o‘zimni sinab ko‘raman. Shuningdek, shaxsiy jamg‘armam ishini yuritishda davom etaman. U jismoniy va ruhiy muammolarga ega odamlar uchun mo‘ljallangan sport loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Misol uchun, Robin van Persi bir safar jamg‘armamizga 30 ming funt ajratgandi. 2012 yili APLda eng yaxshi to‘purarga atalgan sovringa ega chiqqan futbolchining xayriya yo‘nalishidagi bunday ishlari tahsinga loyiq.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:52, 29.01.2017.
O'qildi: 4813 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.