Ko‘hna qit’aning kuchli beshlik chempionatlarida qishki transfer mavsumi poyoniga yetdi.
Goal.com nashri esa jamoalarning transfer bozoridagi natijalarini tahlil qila boshladi. Qaysi klublar kuchaya oldi, qaysilari esa aksincha kuchsizlandi? Klublarning transfer bozoridagi faolligiga qarab, nashr qishki transfer darchasining g‘olib va mag‘lublarini ma’lum qildi.
Bir oy mobaynida jamoalar o‘ziga kerakli futbolchilarni harid qilishga harakat qildi. Xo‘sh, 2017 yilgi qishki transfer mavsumining g‘olib va mag‘lublari kimlar? Ushbu nashr har bir kategoriya uchun uchtadan jamoani tanladi.
Transfer bozori g‘oliblari
“Marsel”: ham son, ham sifat jihatidan
Dimitri Payetning transferi Yevropadagi uzoq davom etgan shov-shuvli transferlardan biri bo‘ldi. Marselning «Olimpik» jamoasi transfer bozorida aqlli tarzda ishtirok etdi. Patris Evra, Gregori Sertich va Morgan Sansonning Rudi Garsiya qo‘l ostidagi jamoani sezilarli kuchaytirishi kutilmoqda va bosh murabbiyning muammolari yechimi sifatida qaralmoqda. Jamoa ham son, ham sifat jihatidan ancha kuchayganini e’tirof etish kerak. Fransiyalik qanot himoyachisi jamoaga tekinga tushdi, Sertichning transferi 2 million yevroga ham yetmadi. Sanson uchun 10 million, Payet uchun esa jamoa 29 million yevroning bahridan o‘tdi. Bu transfer siyosati bilan klub 1 Ligada yetakchilikka da’vogarlik qilmoqchi ekanligini bildirgan bo‘lsa ne ajab.
«PSJ»: yoshlarga imkoniyat
Yozgi transfer mavsumida yo‘lga qo‘yilgan xatolarni “PSJ” qishki transfer bozorida to‘grilashga harakat qildi. Ispaniyalik murabbiyning rejalariga kirmay qolgan Xese Rodriges «Las Palmas» berib yuborildi. Jamoa bu safar yosh iqtidorli futbolchilarni harid qilishga bor kuchini sarfladi deyishimiz mumkin. Amaldagi Fransiya chempioni safini dastlab Yulian Draksler to‘ldirdi. Germaniyalik futbolchi jamoaga kelishi bilan o‘zining nimalarga qodir ekanligini isbotlashga kirishib ketdi. Edinson Kavaniga o‘rinbosar sifatida esa 30 million yevroga Gonsalo Guedes olib kelindi. Bundan tashqari, jamoaga argentinalik umidli futbolchi Jovanni Lo Selso kelib qo‘shildi. Unay Emeri esa raqobatga to‘la, iqtidorlarga to‘la jamoani to‘play oldi. Endi undan chempionlikni munosib himoya qilish talab etiladi.
“Sevilya”: Monchi hayratga solmoqda
Madridning «Real» va «Atletiko» jamoalari transferga qo‘yilgan ta’qiqlar tufayli qishki transfer bozorida ishtirok etishmagan bo‘lsa, «Barselona» hech qanday transferga qo‘l urmadi. Ispaniyaning yetakchi jamoalaridan faqatgina «Sevilya» jamoasi ancha faol ishtirok etdi. O‘z odatiga ko‘ra, «Sevilya» katta nomlardan ko‘ra, o‘rtacha darajadagi transferlarni amalga oshirdi. Klubning sport ishlari bo‘yicha direktori Monchining ko‘rsatmalari bilan jamoa bir necha ajoyib transferlarni amalga oshirdi. Dastlab, umidli yosh himoyachi Klemen Lengle («Nansi») olib kelindi. Milanning «Inter»idan Stefan Yovetich sotib olindi. Chernogoriyalik hujumchi esa 4 uchrashuvda 3 gol kiritib, transferini oqlashga kirishib ketdi. Argentinalik yarim himoyachi Valter Montoya (“Rosario Sentral”) ham mavsumning qolgan qismida o‘z mahoratini ko‘rsatishga va jamoani yanada yuqori o‘rinlarga olib chiqishga harakat qiladi. Jamoani esa Kolodzeychak “Borussiya” Myunxengladbahga alishtirdi.
Transfer bozori mag‘lublari
“Milan”: ko‘p va’dalar
Klub yozgi transfer mavsumi mobaynida klub rahbariyatiga kim kelishi aniq bo‘lmaganligi bois faol ishtirok eta olmagandi. Sport nuqtayi nazaridan jamoaning ahvoli og‘ir emas. A Seriyada klub hozircha 7-o‘rinda bormoqda. Biroq, “Milan” muxlislari jamoadan ancha jonli transfer siyosatini kutishgandi. Klub o‘z safiga Lukas Okampos va Jerar Deulofeuni qo‘shib olish bilan cheklandi. Jamoani esa Nyang (“Uotford”) va Luis Adriano (“Spartak” Moskva)lar tark etishdi.
“Arsenal”: bardoshli jamoa
Qishki transfer bozorida “Arsenal”ning yagona transferi qaysi futbolchi? Bu – Koen Bramoll, 20 yoshli iqtidorli himoyachi. Angliya 7-Ligasining “Hednesford Town” jamoasidan sotib olindi. Hech shubhasiz, angliyalik himoyachi dastlab “Arsenal”ning o‘rinbosarlar tarkibida o‘z o‘yinini kuchaytirib boradi. Londonliklar bu safar ham transfer bozorida o‘z kamtarligini saqlab qoldi. Santi Kasorla, Aaron Remzi va Muhammad Elnenining jarohatlari borligiga qaramay, Arsen Venger hozirgi tarkibni saqlab qolishni afzal bildi. «To‘pchilar» turnir yetakchisi “Chelsi”dan 9 ochkoga ortda qolayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, hech ikkilanmay “Arsenal”ni qishki transfer bozorining mag‘lubi desak bo‘laveradi.
“Barselona”: jimjitlik
«Barselona» o‘tgan yozgi transfer bozorida qanchalik faol bo‘lgan bo‘lsa, qishki transfer bozorida klub o‘zini shunchalik kamtarin tutdi. Serxio Buskets va Andres Inestaning jarohatlariga qaramay, Ispaniyaning amaldagi chempionlari hech qanday transferga qo‘l urishmadi. Aksincha ba’zi futbolchilarning (Pako Alkaser, Aleysh Vidal) jamoani tark etishi haqidagi shov-shuvli xabarlar tinmadi. Transfer bozoridagi faoliyati haqida klub direktori Oskar Grau o‘ziga xos tarzda javob berdi: “Hech kim ketmadimi, demak pul bo‘lmaydi. Hech kim ketmagan bo‘lsa, demak hech kim kelmaydi.” Biroq, Ispaniya La Ligasi, Ispaniya Kubogi va Chempionlar Ligasida munosib qatnashish uchun jamoaga qo‘shimcha kuch foydadan holi bo‘lmasdi.