Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

MDH kubogi tiklanadimi va u kimga kerak?

MDH kubogi tiklanadimi va u kimga kerak?

Baho:
+ | -

O‘tgan haftaning eng yaxshi yangiliklaridan biri Ozarbayjon taraflardan keldi: mish-mishlarga ko‘ra, MDH kubogi qayta tiklanar ekan. Aniqrog‘i, Ozarbayjon futbol federasiyalari assosiasiyasi musobaqani o‘tkazish huquqini so‘rab, Rossiya futbol ittifoqiga murojaat qilganmish. Bilmaganlar uchun aytib o‘taylik, 2016 yilning boshida to‘xtab qolgan MDH kubogi Rossiya futbol ittifoqi va FIFA tasarrufidagi musobaqa hisoblanadi. Bu turnirni qabul qilish uchun aynan shu tashkilotlarning roziligini olish lozim.

Aslini olganda, har qanday ko‘rinishdagi musobaqaning o‘tkazilgani yaxshi. MDH kubogi esa qardosh xalqlar o‘rtasida o‘tkazilishi bilan ham o‘zgacha qadrli edi. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda musobaqaga bo‘lgan qiziqish ancha tushib ketdi va bunga bir qator sabablar bor. Birinchidan, tashkilotchilikdagi nuqsonlar tufayli ishtirokchi klublar ko‘pincha o‘rinbosarlar tarkibi bilan tashrif buyurdilar. E’tiborli tomoni, bu ishni birinchilardan bo‘lib mezbon davlat vakillari boshlab berdilar. Bir so‘z bilan aytganda, turnirga bo‘lgan qiziqish tushib ketishiga ishtirokchilarning o‘zlari sababchi edilar.

Shuningdek, 2012 yildan boshlab, MDH kubogida klublar emas, balki yoshlar terma jamoalari qatnasha boshlagani ham vaziyatni ancha chigallashtirdi. Bir qarashda buning yomon tomoni yo‘qdek. Negaki, har holda, klublardan ko‘ra terma jamoalar ishtirokidagi musobaqa qiziqarliroq kechadi. Biroq hamma gap shundaki, qishda o‘z klubi bilan mavsumoldi yig‘inini o‘tkazayotgan futbolchilarning hammasi ham terma jamoa ixtiyoriga yetib kela olmasdi va tabiiyki, bu holat turnirga salbiy ta’sir o‘tkaza boshladi.

Biroq eng katta muammo - MDH kubogining sun’iy maydonda o‘tkazilishi edi. Futbolchilar bunday maydonda jarohat xavfi ostida bor kuch bilan o‘ynamasdilar. Murabbiylar ham ko‘p narsa talab qilishmasdi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi haminqadar bo‘lgani ham bunga imkon bermagandir, balki. Shu sabab ham MDH kubogi to‘xtatilgani haqidagi xabardan ko‘pchilik yengil tin olgandi - tashkilotchilar ham, ishtirokchilar ham. Muxlislar esa...

Ozarbayjondan kelgan yangilikning yaxshi tomoni shundaki, rejaga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan muammolarning deyarli barchasi barham topishi lozim. Birinchidan, MDH kubogi dastlabki formatga qaytadi. Ya’ni unda chempion klublar ishtirok etadilar. Yodingizda bo‘lsa, musobaqa tashkil etilgan 90-yillar o‘rtalarida turnirga bo‘lgan qiziqish ancha yuqori edi. Ayniqsa, finalda Moskvaning «Spartak» va Kiyevning «Dinamo» klublari o‘rtasida kechadigan to‘qnashuvni hamma intiqlik bilan kutardi.

Ozarbayjonliklar o‘sha intrigani qaytarish uchun talab qilinadigan barcha ishni amalga oshirishmoqchi. Qolaversa, o‘yinlar sun’iy emas, balki tabiiy maydonda o‘tkaziladi. Ozarbayjon futbolidagi infratuzilma va iqlim sharoiti bunga imkon beradi. U yerda sifatli maysani yil - 12 oy davomida topish mumkin. Mukofot jamg‘armasi 1-1,5 million yevro qilib belgilanishi esa klublarning qiziqishini ham oshirib berishi kerak. Yangi musobaqada hech qanday o‘rinbosarlar tarkibi haqida gap-so‘z bo‘lmasligi lozim.

Biroq bu hozircha xomaki reja. Rossiya futbol ittifoqi musobaqani shunchaki qo‘shqo‘llab topshirib yubormasligi aniq. Tashkilot rahbari Vitaliy Mutkoning aytishicha, kubok Rossiyaning o‘zida qayta tashkil etilishi va Moskvada emas, iqlim sharoiti nisbatan yaxshiroq bo‘lgan janubiy hudud - Sochida o‘tkazilishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, MDH kubogi qaytishi ehtimoli juda katta. Bu o‘rinda faqat tashkilotchilar avvalgi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, musobaqa saviyasini ko‘tarish uchun tegishli tadbirlarni qo‘llashiga umid qilish mumkin. Zero yangi kubok o‘zbek futboliga ham ko‘p narsa bergan bo‘lardi. Masalan, mahalliy iqtidorlarni Rossiya va Ukrainaning yetakchi klublari uchun yaxshigina reklama qilib berishi mumkin.

Hozir shunday vaqtki, har qanday tashabbus qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday vaqtda O‘zbekiston futbol federasiyasi ham qo‘l qovushtirib o‘tirmay, o‘z taklifi bilan chiqqani ma’qul bo‘lsa kerak. Aytaylik, MDH kubogi muntazam bir joyda emas, balki Yevropa va Osiyo chempionati singari turli hududlarda o‘tkazilishini o‘rtaga tashlash mumkin. Deylik, musobaqaga bir yil Boku, keyingi yil Sochi va navbat kelganda, Toshkent mezbonlik qiladi. Bu, o‘z navbatida, homiylar e’tiborini ham jalb etgan bo‘lar edi. Shuningdek, translyasiyalardan katta foyda olish mumkin. O‘zimizning «UzReport TV» Ispaniya va Angliya chempionati translyasiyasini sotib olganda, MDH kubogini olmaydi, deysizmi?

Shuningdek, mazkur musobaqa klublar uchun ham foydali. Aytaylik, yanvar oyida MDH klublarining aksariyati BAA va Dubayda mavsumoldi tayyorgarligi o‘tkazadilar. MDH kubogi esa ularga yana bir yig‘in sifatida asqotgan bo‘lardi. Albatta, iqlim va infratuzilma borasida BAA va Turkiya bilan tenglashish qiyin, biroq tabiiy maysa ustida o‘tadigan yuqori saviyadagi musobaqa ishtirokchi klublar e’tiborini tortishi muqarrar. Tekinga tashkil etiladigan yana bir yig‘inni hech bir klub rad etmasa kerak.

Muxlislarga esa faqat yaxshi, ko‘rimli futbol kerak. Masalan, o‘zimizning «Lokomotiv» va Kiyevning «Dinamo»si o‘ynasa, kim tomosha qilmaydi, deysiz?

2016 yilning boshida to‘xtab qolgan MDH kubogi Rossiya futbol ittifoqi va FIFA tasarrufidagi musobaqa hisoblanadi. Bu turnirni qabul qilish uchun aynan shu tashkilotlarning roziligini olish lozim.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:04, 04.02.2017.
O'qildi: 6203 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.