Italiyalik transfer insayderi Fabrisio Romano ma’lum qilishicha, Belgiyaning «Antverpen» klubi «Barselona» himoyachisi Alvaro Kortes transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Futbolchi to‘liq transfer asosida Belgiya klubiga o‘tadi. «Barselona» esa ispaniyalik himoyachining kelajagi ustidan nazoratni saqlab qolish uchun kelishuvga keyingi sotuvdan ulush olish va futbolchini qayta sotib olish bandlarini kiritadi.
Kortes mavsumoldi yig‘inlarida yaxshi taassurot qoldirganiga qaramay, asosiy jamoada yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga shubha paydo bo‘lgach, klubni tark etishga qaror qildi. Ayni paytda «Barselona» yangi markaziy himoyachi izlashni davom ettirmoqda.
Kortesning ketishi kataloniyaliklarning chap oyoqli markaziy himoyachi izlash jarayonini tezlashtirishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, «RB Leypsig» futbolchisi Kastello Lukeba klubning asosiy nomzodlaridan biri hisoblanadi.













