O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Argentina bilan FIFA xalqaro oynasi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi nega bo‘lmaganiga izoh berdi. Bu haqda murabbiy 23 sentyabr kuni Eron bilan o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Kannavaroga ko‘ra, O‘zbekiston va Argentina o‘rtasidagi uchrashuv bo‘yicha muzokaralar olib borilgan, biroq argentinaliklar o‘yinga uch hafta qolganida uchrashuvni bekor qilgan.
“Biz Argentina bilan muzokaralar olib bordik. O‘yinga uch hafta qolganida ular uchrashuvni bekor qildi. Bu Messi bilan bog‘liq edi. U faoliyatini yakunlashga qaror qilgan va terma jamoadagi so‘nggi uchrashuvini Argentinada o‘tkazishni xohlagan”, - dedi bosh murabbiy.
Uning ta’kidlashicha, qisqa vaqt ichida boshqa top-darajadagi raqibni topishning imkoni bo‘lmagan. Shu sababli O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro oyna doirasida Suriya bilan ham uchrashadi.
Shuningdek, Kannavaro hozirgi yig‘inga chaqirilmagan futbolchilar uchun ham terma jamoa eshiklari ochiqligini qayd etdi. Murabbiy har bir o‘zbekistonlik futbolchini kuzatishda davom etishini va barcha futbolchilarda milliy jamoaga chaqirilish imkoniyati borligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi FIFA xalqaro oynasi doirasida Eron, Suriya va Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi. Eron bilan bahs 24 sentyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida soat 19:00 da boshlanadi.













