Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Frenk Lempard: «Muhim uchrashuvlar zavq bermaydi»

Frenk Lempard: «Muhim uchrashuvlar zavq bermaydi»

Baho:
+ | -

Butsalarini mixga ilgach, o‘zini jurnalistika sohasiga urgan sobiq himoyachi Jeymi Karrager bu safar eski qadrdoni va vaqtida eng jiddiy raqiblaridan biri hisoblangan Frenk Lempardni suhbatga chorladi. Unda buning uchun asos bor edi - «Liverpul» va «Chelsi» jamoalarining joriy mavsumdagi raqobati. Xullas, ikki klubning sobiq vakillari musohaba davomida nafaqat o‘z faoliyatlarini xotirlashdi, balki APLdagi ayni holat  xususida gaplashishdi.

- Frenk, avvalo, meni 20 yildan buyon qiynab kelayotgan savolga javob bersang: Piter Teylor vaqtida U-21 termasi sardorligiga nima uchun men emas, seni loyiq ko‘rgandi? Axir men 2 yildan buyon jamoada o‘ynayotgan edim, sen esa safga yangi qo‘shilganding...

- Ha, esimda, o‘shanda ruhing tushib ketgandi. Lekin bilasanmi, bu o‘zim uchun ham kutilmagan holat bo‘lgandi. Ehtimol, murabbiy tasavvuriga ko‘proq mos kelgandirman. Angliya termasi sardori boshqalardan ajralib turishi shart edi-ku, to‘g‘rimi?

- 1992 yili Lillsholldagi ko‘rik payti ilk bor uchrashganimiz yodingdami? Men bungacha ham sen haqingda eshitgandim. Ya’ni otam Angliya kubogi-80 yarim finalida katta Lempard «Vest Xem» uchun qanday gol urganini gapirib bergandi.

- Yanglishmasam, o‘sha vaqt 14 yoshda edik va bir haftalik ko‘rik bo‘lgandi. Ochig‘i, biroz uyatchanligim bois, notanish kishilar davrasida o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim. 3 haftadan so‘ng tanlovdan o‘tolmaganim haqida xabar oldim. O‘sha zahoti seni esladim: «Qiziq, anavi mahmadona ko‘rikdan o‘tsayu, men o‘tolmasam-a?» Xullas, Lillsholldan ko‘nglim qolgandi va shu sabab, hozirgacha qizlarimga u yerga borishni taqiqlab qo‘yganman. Aytgancha, «Vest Xem» yoshlar jamoasidagi davrimni ham ko‘p eslayman. Deylik, sen 18 yoshda «Liverpul»da debyut qilib, buni gol bilan bezaganingda, havasim kelgandi, ochig‘i. Yashirmayman, o‘sha payt  o‘rningda bo‘lib qolishni orzu qilganman.

- Endi «Chelsi»-«Liverpul» mavzusi: seningcha, bu jamoalar o‘rtasidagi boshqacha azaliy raqobat boisi nima? Avvalgi keskin qarama-qarshilik ruhi hozir ham mavjudmi?

- Prinsipiallik aynan bizning davrimiz, ya’ni jamoalar tarkibida sen va menga o‘xshagan futbolchilar o‘ynay boshlaganlaridan so‘ng tug‘ilgan, deb o‘ylayman. Axir har yili kamida 6-7 marta o‘zaro duch kelardik. To‘g‘ri, avvallari «Chelsi»ning London tashqarisidagi doimiy raqibi boshqa edi - «Lids». Bu klub elitadan tushib ketgach, aynan mersisaydliklar bilan jiddiy raqobat yuzaga keldi.

- Ochig‘i, shaxsan men «Chelsi»ni yoqtirmasdim. Hattoki, jamoang ba’zida deylik, «Everton» va «MYU»dan ham kuchliroq nafrat uyg‘otardi. Shu joyda «Chelsi» kiyinish xonasidagi muhit haqida gapirib bersang...

- Nafratingga kelsak, biz «Everton» va «MYU»dan kuchliroq jamoaga aylangan edik-da. Bu fikrga qo‘shilsang kerak... Tan olaman, raqobatning kuchayishiga liverpullik muxlislar ham sababchi bo‘lishgan. Yo‘q, «Liverpul»ni maqtamoqchi emasman, ammo muxlislari xuddi qo‘shimcha o‘yinchidek uning kuchiga kuch qo‘shardilar. Yoqimli tomoni, asosiy qarama-qarshilik Karrager-Jerrard va Lempard-Terri juftliklari o‘rtasida kechardi.

- Umuman, bu juftliklarda kim kuchliroq edi?

- Men va Stiv! Hozir ham tez-tez so‘rab turishadi: «Stiv qanday futbolchi edi? U bilan munosabatingiz qanday bo‘lgan?» O‘zaro aloqalarimiz yomon emasdi. Lekin boshqa tomondan olsak, o‘rtamizda doimo qandaydir masofa bo‘lardi, baribir. Ha, terma jamoa ixtiyoriga borganimizda birgalikda tushlik qilardik, chaqchaqlashardik. Ammo doimo sezilar-sezilmas rasmiyatchilik saqlanib qolardi.

- Tushunish mumkin: birga ovqatlanib, hazil-mutoyiba qilishdan so‘ng xonalarga kirgach, «Uni ko‘rarga ko‘zim yo‘q!» qabilida o‘ylagansizlar, shundaymi?

- Yo‘q, yo‘q. Misol uchun, U-21 termasida o‘ynaganimizda, yonma-yon xonalarga joylashgan edik. Qarama-qarshi jamoalar safida maydonga tushganimizda esa, o‘z-o‘zidan ashaddiy raqiblarga aylanardik. Aytishim kerak, aynan shu keskin raqobat sabab, chinakam professional darajaga chiqdik. Qolaversa, g‘alaba qozonish hammaning orzusi emasmi?

 - «Chelsi» Jerrard bilan deyarli shartnoma tuzgan vaqtda raqobat eng yuqori nuqtasiga ko‘tarilgandi. Shuningdek, fanatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, Joze Mourinyoning paydo bo‘lishi va Liga kubogi-2005 finali ham keskinlikka «moy» quygandi. Esla, o‘shanda tanaffusga chiqayotgan payt  o‘zaro gaplashgandik. Biroq oradan 6 oy o‘tgach, bunday yaqinlikdan asar ham qolmagandi...

- Jamoamiz Abramovich tasarrufiga o‘tgach, u bosh murabbiylikka Mourinyoni taklif etdi va biz «mablag‘ xaltachasi»ga aylanib qoldik. Ya’ni  ko‘pchilik bizni nafrat bilan qarshi olishga odatlandi. Yanada aniqrog‘i, faqat o‘z an’analariga amal qilgan holda, muvaffaqiyatga erishadigan «Liverpul»dan biroz farqlanib qoldik. Ortiqcha funtlar bilan cho‘ntaklari qappaygan «Chelsi» boyvachchalari «Liverpul»ning mehnatsevar o‘yinchilariga qarshi bahslashadigan bo‘lishdi. Shu tariqa ikki xil dunyoqarash o‘rtasidagi raqobat yuzaga keldi.

- Bunday bellashuvlarni tomosha qilish ham oson emasdi. Ularda ishtirok etish-chi? Bosim... Chunonchi, arzimas xato ham mag‘lubiyatga olib keladigandek tuyulardi.

- Ha, bosim misli ko‘rilmagan darajaga chiqqandi. Boz ustiga,  «Enfild»da himoyaviy uslub qo‘llashning iloji yo‘q edi. Shunday yo‘l tutgan  jamoani parchalab tashlardinglar, axir. Masalan, Dirk Kuyt doimo o‘rtamiyona o‘yinchilar qatorida yurgan. Lekin u bizga qarshi bahslarda Eshli Koulni burchak bayroqchasi yoniga «qamab» qo‘yardi. Qaysi tomon birinchi bo‘lib gol qo‘yib yuborsa, uning mag‘lubiyatdan qutulishi ilojsiz sanalardi. Mag‘lubiyat esa fojia bilan teng edi.

- CHL-2008 yarim finali arafasida onangdan ayrilib qolganding. Bu tabiiyki, ulkan musibat edi...

- O‘ta og‘ir hissiyotlar qurshovida bo‘lganim aniq. Shu bois, «Liverpul» ustidan qozonilgan g‘alaba ham ko‘nglimga sig‘madi. Biroq jamoalar xayrlashayotgan payt Stiv oldimga yaqinlashib, gul bergancha hamdardlik bildirdi. Shunday samimiy daldadan so‘ng raqobat o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Arzimasdek tuyulgan odamiylikdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgandi.

- O‘sha uchrashuvda penaltidan gol urib, «Chelsi» g‘alabasiga munosib ulush qo‘shganding. Zarbani amalga oshirish mas’uliyatini boshqa futbolchiga  yuklashni  o‘ylamaganmiding?

- Tabiatan mudom g‘alabaga va gol urishga intilganman. Bu shunchaki, quruq safsata emas. Onamning hayot bilan vidolashganini bahona qilib, penalti tepishdan yuz o‘girish men uchun irodasizlik sanalardi.

- Ko‘z tegmasin, «Chelsi» joriy mavsum a’lo darajada o‘ynamoqda. Seningcha, «ko‘klar»ni hozirdan chempionlik bilan tabriklash mumkinmi?

- To‘g‘ri, hech qaysi raqib sobiq jamoamdan o‘zib ketolmasa kerak. Chunki «Chelsi» - chempionatning eng yaxshi shakllangan jamoasi. Diyego Kosta va Eden Azar ajoyib sport formasida. Antonio Konteni har qancha maqtasak, kam! Vaholanki, italiyalik mutaxassis tarkibda katta o‘zgarishlarni amalga oshirgani yo‘q. Safga birgina N~Golo Kante qo‘shildi. Lekin «Chelsi»dagi ijobiy o‘zgarishlarning asosiy sababchisi aynan Kontedir.

- Kontening statistikasiga e’tibor ber: uning jamoalari so‘nggi 72ta uchrashuvdan 62tasini g‘alaba bilan yakunladilar! Bunga ishonish qiyin...

- Uning ish uslubini amalda ko‘rganman. Konte futbolchilarni chin yurakdan ishlashga majbur etishni biladi. Qara, barcha yigitlar ajoyib sport formasida va qanday vazifalarni bajarishlari zarurligini yaxshi tushunishadi. O‘yinchilar maydonda go‘yoki, parvoz qilishyapti - «Xall Siti»ga qarshi uchrashuvni bevosita kuzatdim. Ayni payt «Arsenal» yoki «Manchester Siti» shunday ishonarli g‘alabaga erisholmasa kerak. «Liverpul» esa, menga yoqyapti, Yurgen Klopp ham... Ammo bu jamoaga barqarorlik yetishmayapti.

- Yaqinda Kanteni 2016 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etgandim. U hozir ham ulkan hajmda ish bajarmoqda...

- Aspilikuetani ham unutmaslik kerak. Kosta va Azar barchani o‘z tomonlariga qaratishayotgani - haqiqat. Lekin Sezar o‘ng qanotda ham, markazda ham doimo hoziru-nozir. Men aynan uni mavsumning eng yaxshi futbolchisi, deb hisoblayman.

- Aytchi, o‘z davringda futboldan yetarli lazzatlanganmisan? Mana, mening butsalarni mixga ilganimga 4 yil bo‘ldi. Ba’zan o‘ylab qolaman: muntazam bosim ostida yurdik, navbatdagi bellashuv xususida doimiy o‘y-xayollar...

- Fikringga to‘la-to‘kis qo‘shilaman. Hech qaysi muhim uchrashuvdan umuman zavq olmaganimni endi tushunyapman. Hattoki, finallar ham lazzat baxsh etmagan. Lazzatlanish hissini faqat sovrinni bosh uzra baland ko‘targan pallada va nishonlash marosimida tuyganman. Lekin shunda ham ko‘nglimning bir chetida keyingi bellashuv tashvishi turardi. Yana mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqardim. «Meni maydonga tushirmay qo‘yishsa-ya, yangi mavsumda «Liverpul» yoki «MYU» bizdan o‘zib ketsa, nima bo‘ladi?» kabi xayollar bir lahza bo‘lsada, tinchlik bermasdi.

- Kelajagingni qanday tasavvur qilyapsan?

- Murabbiylik lisenziyasi ustida ish olib boryapman. Maqsadim - futbolda qolish. OAVga befarq emasman. Jurnalistika menga ham yoqadi. Balki U-21 termasida sardorlik bog‘ichini tortib olgandek, tez orada seni yana ishsiz qoldirarman... (kuladi).

Lempard futbolchilik faoliyatini yakunladi

«Chelsi» klubi va Angliya terma jamoasining 38 yoshli sobiq yarim himoyachisi avvalgi hafta butsalarini mixga ilganini rasman e’lon qildi. Lempard samarali faoliyati davomida 3 marta Angliya chempioni bo‘lib, 4 marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Yevropa CHLda ham bir marta  zafar quchdi. U Angliya terma jamoasi safida 106ta uchrashuv o‘tkazib, 29ta gol urdi. Butun faoliyati davomidagi statistikasi ham ajoyib: 648ta o‘yin, 211ta gol. Barchasini «Vest Xem»da boshlagan Frenk 2001 yili «Chelsi» safiga qo‘shilib, bu jamoa safida 13 yil o‘ynadi. 2014 yili esa «Manchester Siti» va  o‘tgan mavsum «Nyu-York Siti» sharafini himoya qildi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:36, 09.02.2017.
O'qildi: 4825 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.