«Manchester Yunayted» yarim himoyasida tobora katta hajmda ish bajarayotgan Genrix Mxitaryan APLning bosh yulduzlari qatoriga qo‘shilmoqchi.
Boshqacha aytsak, uning asosiy maqsadi - ona yurti Armanistonning futboldagi faxriga aylanish. Arman yigiti Manchester United Foundation loyihasi doirasida Manchesterdagi maktablardan biriga tashrifi chog‘i VVS jurnalistlari bilan suhbatlashish jarayonida buni yashirib o‘tirmadi. Shuningdek, Armanistondagi og‘ir bolaligi haqida gapirib berishdan tashqari, faoliyati davomida turli uslublarga tayanadigan murabbiylar qo‘l ostida o‘ynash barobarida murakkab vaziyatlarda ham ishga to‘g‘ri yondashishni o‘rganganini ta’kidladi.
Otasining vafoti va mas’uliyat
Genrixning otasi Gamlet Mxitaryan ham professional futbolchi sifatida nom qozongan. U hayotdan ko‘z yumgan vaqt Genrix ancha yosh edi va bu ayriliq Mxitaryanlar oilasi uchun jiddiy sinov bo‘lgan. «MYU» futbolchisi otasining vafoti o‘z taqdiri va sport bobidagi maqsadlariga qanday ta’sir qilgani xususida shunday deydi: «Otamning o‘limidan so‘ng o‘z-o‘zidan mas’uliyat hissini teranroq angladim. Chunki oilamiz a’zolari uchun o‘rnak ko‘rsatishim talab etilardi. O‘ylaymanki, bu vazifani yaxshi uddaladim. Endi esa butun Armaniston va yer yuzidagi barcha armanlarga faxr, g‘urur-iftixor tuyg‘usini ulashmoqchiman. Boshqacha aytganda, ular uchun chinakam namuna bo‘lishni, jonajon mamlakatim faxriga aylanishni istayman».
Armanistondagi og‘ir bolalik
Endilikda mashhurlikka erishgan futbolchi bolalik yillarini biroz alam aralash esga oladi: «G‘oyat og‘ir damlar. O‘sha payt Armaniston va qo‘shni Ozarbayjon o‘rtasida katta muammolar mavjud edi. Biz xuddiki, urush holatida yashaganmiz - tahlikali hayot... Futbolchi bo‘lish va xorijga chiqish imkoniyati juda past bo‘lib, istiqbol ko‘rinmasdi. Boz ustiga, har bir fuqaro kabi mamlakat armiyasida xizmat qilishga majbur edim».
«Borussiya»dagi faoliyat va Yurgen Klopp
Arman futbolchisi Germaniya bundesligasidagi faoliyatini sira unutmaydi: «Yurgen Kloppdan umrbod minnatdorman, negaki, u meni Ukrainaning «Shaxtyor» klubidan taklif etib, o‘yinim yaxshilanishiga katta turtki berdi. Deylik, Klopp individual xususiyatlarim ustida tinmay ishlashimni talab etib, barchasini nazorat qilib turardi. U yana psixologik tomondan baquvvat bo‘lishimga sezilarli hissa qo‘shdi. Bungacha ushbu masalada ma’lum muammolardan xoli emasdim. Misol uchun, mabodo omadsiz o‘yinlar seriyasi kuzatilsa, o‘zimni shunchaki, yo‘qotib qo‘yardim. Shunday ekan, Yurgenga alangali salom va yana bir marta rahmat yo‘llayman».
Nega aynan «MYU»?
Mxitiryanning bu savolga qanday javob berishi o‘z-o‘zidan tushunarli. U futbolda xuddi hayotdagi kabi katta sinovlardan o‘tishni xohlaydi. Ha, Genrix Germaniyada qolganida, «Borussiya» safida CHL o‘yinlaridan zavq olishi mumkin edi. Biroq u «Manchester Yunayted» safiga qo‘shilishni paysalga solgani yo‘q: «Albatta, Chempionlar Ligasida o‘ynash - bu baxt. Biroq ushbu turnirda qatnashishdan ko‘ra, muhimroq narsalar ham bor. Tabiatan turli sinovlarga moyilman. Xullas, yangi chorlov olgach, o‘zimni to‘xtatib turolmadim. Qolaversa, qachondir faoliyatimni tugatgach, kresloda o‘tirgancha shunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarganimni o‘ylab, siqilishni istamasdim... Hamma biladi, «Manchester Yunayted» jahon futbolidagi eng katta klublardan biri sanaladi. «Qizillar» Chempionlar Ligasida o‘ynashadimi yoki yo‘q - bu ahamiyatsiz. Gapning lo‘ndasini aytsam, bunday jamoa libosini kiyish imkoniyatidan shunchaki, voz kecha olmadim».
Joze Mourinyo bilan ishlashdagi qiyinchilik
Muxlislarning xabarlari bor, Mxitaryan Angliyada avvaliga ma’lum darajada muammolarga yuz tutdi. Xususan, bosh murabbiy Joze Mourinyoning ishonchiga kirish yo‘lida ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi: «Ha, boshida kichik qiyinchiliklar bo‘ldi. O‘zi yangi murabbiy qo‘l ostida, boz ustiga, yangi jamoada ish boshlaganingda, hammasi silliq kechmasligi tabiiy hol. Axir bunday vaqtda birdaniga barchasiga ko‘nikishing kerak - yangi talablar, begona shahar, notanish jamoadoshlar, mutlaqo boshqacha yondashuv, o‘zgacha mashg‘ulotlar jarayoni... Lekin bunday tajriba-sinov men uchun yangilik emas. Chunki «Manchester Yunayted»ga o‘tishimdan oldin ham turli uslublarga tayanadigan murabbiylar rahbarligida o‘ynadim va har qanday holatda professional yondashuvni saqlab qolishni o‘rgandim».
«Qizil iblislar» noyabr oyidan g‘alaba qozona boshlashdi. Futbolchining aytishicha, u tarkibdan chetda qolgan holatda ham, hayotga quvnoq qarashdan to‘xtagan emas. Axir ming g‘azablanishi yoki qayg‘uga botishi bilan umumiy vaziyat o‘zgarmasdi: «Ayyuhannos solishimdan naf chiqmasligini yaxshi bilardim. Shuning uchun bor e’tiborni mashg‘ulotlarga qaratishni ma’qul ko‘rdim. Ya’ni sabr bilan ishlab, ertami-kech navbatim kelishini kutdim. Chunonchi, menda o‘zimni ko‘rsatish uchun imkoniyat tug‘ilishiga shubha qilmasdim. Axir bu hayotda har bir inson o‘ziga yarasha imkoniyat hosil qiladi, biroq hammaga ham undan foydalanish nasib etmaydi».
Tilshunos
Mxitaryan bir necha tilda erkin muloqot qiladi. Tabiiyki, ona tili - armanchada ravonroq gaplashadi: «Avvaliga aynan arman tilini o‘rganganman. Keyin ruschani o‘zlashtirdim. Negaki, buvim rus millatiga mansub. Inglizchani esa maktab davrida o‘rgandim. Keyinroq Fransiya va Braziliyada yashash asnosida til boyligimni fransuzcha hamda portugalcha hisobiga boyitdim. Germaniyadagi faoliyatim davomida esa nemischani o‘zlashtirib oldim».