Kirish Ro'yxatdan o'tish
06/01 00:45 Roma 2-0 Lasio
07/01 01:00 Vulverhempton 0-3 Nottingem Forest

Paulu Barboza: «Bizni makkorlikda ayblashgan»

Paulu Barboza: «Bizni makkorlikda ayblashgan»

Baho:
+ | -

Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri taniqli futbol agenti Paulu Barboza bilan suhbat uyushtirdi. Quyida ana shu intervyuni o‘qishingiz mumkin.

- Siz ko‘plab rossiyalik futbolchilar bilan ham ishlagansiz. Shulardan biri - Marat Izmaylov. 15 yil oldin uning «Arsenal»ga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqagandi. Bu ma’lumot haqiqatga qanchalik yaqin?

- O‘shanda Syomin, Filatov va men Londonga Vengerning yoniga borganmiz. U jamoasida Maratni ko‘rishni istagandi. Ammo «Lokomotiv» bilan kelishib bo‘lmagan. 2004 yilgi Yevropa chempionatida ham Venger bilan gaplashganman. O‘shanda mijozlarimdan biri Manishega «Arsenal» qiziqish bildirgandi. Keyin Izmaylov xususida ham gaplashganmiz. Arsen u haqda so‘ragan. Afsuski, Marat ushbu mutaxassis bilan ishlay olmadi.

- Smertinni «Chelsi»dan ketishga siz ko‘ndirganmisiz?

- Aleksey ushbu jamoa safida Angliya chempioni bo‘lgan. Lekin muntazam maydonga tushishni istagan. «Chelsi»da asosan Chex, Terri va Lempardlarga ishonch bildirilgan. Shunga qaramay, Mourinyo Smertinni qo‘yib yuborishni istamagan. U «Sen menga kerasan. Taqvim tig‘iz, o‘yin amaliyotisiz qolmaysan», degandi. Biroq Aleksey ijaraga berishlarini talab qilgan.

- Uning «Bordo»dan ketishi borasida turli gap-so‘zlar yuradi...

- Fransiyadagi uch yillik faoliyatidan so‘ng Smertin vaziyatni o‘zgartirishni istagan. 2004 yilning qishida «Nyukasl»ga qo‘yib yuborishmagan. Yozda esa «Torpedo» varianti paydo bo‘ldi. O‘shanda sarmoyadorlar «Torpedo»ni superklubga aylantirishni istashgandi. «Bordo» prezidenti Jan-Lui Trio bilan shartnomani bekor qilish borasida gaplashdim.

- Transfer qanchaga baholangan?

- 6,5 million yevro. «Torpedo» xo‘jayinlari rasman o‘zgarganidan so‘ng bu pullarni to‘lashga va’da berishgan. Lekin loyiha amalga oshmadi va biz noqulay ahvolga tushib qoldik. Transfer bozori yakunlanishiga ikki hafta qolganida Aleksey Moskvada jamoasiz qolgandi. Umuman olganda, unga talab bo‘lgan. Masalan, «Portu»ga o‘tishi mumkin edi, ammo u «Chelsi»ni tanladi. Shunda «Bordo» prezidentining jahli chiqib, bizni makkorlikda aybladi. Uning aytishicha, biz «Torpedo»ni bahona qilib, narxni tushirganmiz va yakunda «Chelsi»ni tanlaganmiz.

- Agar Smertin «Bordo»dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Chelsi»ga o‘tganida fransiyaliklar ko‘proq pul talab qilisharmidi?

- Shubhasiz. Axir uning amaldagi shartnomasi bor edi. Vaholanki, 6,5 million yevro Aleksey uchun yaxshi narx bo‘lgan. «Chelsi» ham bundan ko‘p to‘lamasdi.

- Shunga qaramay, fransuzlar sizlarga ishonishmagan?

- Ularni ham tushunsa bo‘ladi. Bunday vaziyatda har kim shubhaga boradi. Shunda Trioga «Bu qandaydir fors-major. «Bordo» vakillari ham «Chelsi» bilan muzokaralarda ishtirok etishsin. Bizni yashiradigan hech nimamiz yo‘q...»,  dedim.

- Trio nima qilgan?

- Londonga o‘z odamini jo‘natdi. «Chelsi» ofisida shartnoma tuzayotgan paytimizda barchasi halol bo‘lganini ko‘rdi.

- Hayotingiz sarguzashtlarga boy.

- Bir qiziq voqea bo‘lgan. 1991 yili Chempionlar Kubogi doirasida Kiyevning «Dinamo»si «Benfika»ni qabul qilgan. O‘shanda kiyevliklar safida Yuran va Kulkovlar o‘ynashardi. Kiyevga «Benfika» prezidenti bilan tashrif buyurdim. U juda boy inson edi. Aeroportdan chiqqanimizdan so‘ng u «Paulu, umuman esimdan chiqibdi! Diplomatimda deklarasiya qilinmagan pullar bor», dedi. Men «Qancha?» deb so‘radim. U esa «Ko‘p. Juda ko‘p. Diplomat pul bilan to‘la», dedi.

- Yuz ming dollarmidi?

- Milliondan ko‘p. Bilsam, u hamma yerga katta pul bilan borarkan. Kimdir yo‘lga dori qutisi bilan chiqsa, u millionlarni olarkan. Shunda unga «Qaytishdan oldin diplomatni ochishni so‘rashsa, muammo tug‘iladi», dedim. U esa «Muammodan qochishning yo‘lini top. Ruschani bilasan. Ol pullarni», deb diplomatni menga ushlatib qo‘ydi.

- Oldingizmi?

- Nima ham qilardim? Qo‘limdan bir soniya ham qo‘yib yubormadim. Hattoki, uni ko‘tarib o‘yinga ham bordim. Uchrashuv oxirida «Dinamo» himoyachisi Ruy Aguashga nisbatan jiddiy qo‘pollik ishlatildi. Natijada uni tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketishdi. «Benfika» shifokori bilan u yerga birga bordim. Shifokorlar Ruyni Lissabonda operasiya qiladigan bo‘lishdi. Og‘riq qoldiruvchi ukollarni qilgandan so‘ng tez yordam mashinasida futbolchi bilan birga aeroportga yo‘l oldik. Shunda miyamga bir fikr kelib qoldi. «Ruy Aguash, yordam ber. Bu yerda prezidentning pullari bor. Uni samolyot­ga olib chiqish kerak», dedim.

- Rozi bo‘ldimi?

- Bazo‘r ko‘ndi. Keyin «nosilka»da Aguashning bo‘ynigacha yopib qo‘yib, samolyotga olib chiqdik. Yopqichning tagida pullar bor edi.

- Omadingiz kelgan ekan. Agar Aguash jarohat olmaganida nima bo‘lardi?

- To‘g‘risi, nima bo‘lishini tasavvur ham qila olmaganman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:12, 27.02.2017.
O'qildi: 4376 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.