So‘nggi o‘n yillikda “Barsa”ning mashhur yoshlar tizimi jahon darajasidagi bir qancha mahoratli futbolchilarni yetishtirib berdi. Biroq, nega ushbu tizim to‘xtab qoldi, sabablari nimada? Goal.com nashri bu savolga javob izlab ko‘rdi.
Tarixning balki eng yaxshi jamoasi asosini tashkil qilgan «La Masia» texnik mukammallik evaziga boshqa klublarning yoshlar tizimidan bir bosh oldinda keldi. Ammo hozirda uning ahamiyati o‘zini yo‘qota boshladi.
Xosep Gvardiola so‘zsiz «La Masia» muvaffaqiyatlarining timsoli bo‘ldi. Kataloniyalik murabbiy «La Masia»da yetishib chiqqan ilk iqtidor egalaridan biri edi. Keyinchalik klub boshqaruviga o‘tgan Gvardiola jamoasini klub akademiyasida yetishib chiqqan iqtidorli futbolchilar atrofida qurdi. Bular Valdes, Puyol, Pike, Inesta, Xavi, Pedro va Messi edi.
Ajoyib falsafa bor edi: klub an’analari ostida yetishib chiqqan murabbiy, so‘ngra o‘rinbosarlar jamoasi boshqaruviga o‘tishi va so‘nggida asosiy jamoa bilan ishlash. Barcha futbolchilar ham xuddi shu tarzda yetishib chiqardi. Yoshlar aniq uslub, aniq falsafa asosida katta futbolga kirib kelishardi.
Gvardiola erasida 19 sovrindan 14 tasi qozonilgach, bu tizim Tito Vilanova qo‘l ostida ham davom etdi. La Masia 2012-yil 25-noyabr kuni o‘z tarixida yangi sahifa bitdi. Ushbu sanada “Levante”ga qarshi bahs olib borgan “Barselona” asosiy tarkibda «La Masia» bitiruvchilari bilan bir soatdan ortiq o‘ynadi. Bu birinchi bo‘limda Dani Alvesning o‘rniga Martin Montoyaning maydonga tushishi bilan sodir bo‘ldi. O‘yinni esa kataloniyaliklar 4-0 hisobida g‘alaba bilan yakunladi.
Bu holat eng yuqori cho‘qqi bo‘ldi. Biroq, o‘sha vaqtdan to‘rt yarim yil o‘tib, vaziyat o‘zgacha tus oldi. 2015-yilda klub yosh futbolchilarni imzolashda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun jazolangach, klub muxlislari “Kamp Nou”da “La Masiaga teginma!” shiorini osishdi. Ko‘rinib turibdiki, Luis Enrike shiorni o‘ziga ham tegishli deb hisoblagan.
Gvardiola jamoa boshqaruviga endigina kelgan paytida Pedro va Serxio Busketsni asosiy tarkibga olib chiqqan bo‘lsa, amaldagi kataloniyaliklar bosh murabbiyi klub tarbiyalanuvchilariga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Agarda Rafinya (“Selta”da mavsumni birga o‘tkazishgandi) va Serxi Roberto (2014-yilda Enrike kelmasidan oldin ham asosiy jamoada edi)lar hisobga olinmasa.
Luis Enrike natija uchun o‘ynamoqda va faqat bugungi kunni o‘ylamoqda. Yozda, yuqori saviyasini ko‘rsata olgan Serxi Samper ijaraga berib yuborildi va o‘rniga Andre Gomesh sotib olindi. Pako Alkaser 30 million yevroga sotib olinib, ayni yo‘nalishda Munir ham “Valensiya”ga ijaraga berib yuborildi. Albatta, murabbiy so‘nggi so‘zni aytadi, biroq bu klub yo‘nlashiga ziddir. Nega «La Masia»ni qo‘llab ko‘rmaslik kerak? Samper va Munir Gomesh va Alkaserdan yomonroq o‘ynarmidi?
Goal nashriga ismini ma’lum qilishni istamagan «La Masia»ning murabbiylar shtabida ishlagan murabbiylardan biri quyidagi fikrlarni bildirdi: “Klub falsafasi ortiq oldingidek emas. Albatta, futbol ham o‘zgardi. Bizdan doimo eng yaxshi futbolchilarga ega bo‘lish talab etilardi. Jismoniy ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan futbolchilar emas.”
Biroq hozirda klub falsafasi boshqacha yo‘ldan bormoqda. Luis Enrikening yarim himoyasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, texnikadan ko‘ra ko‘proq jismoniy ko‘rsatkichlar ko‘zga ko‘rinadi, agarda maydonda Inesta va Buskets yo‘q bo‘lsa.
“Biz futbolchilardan kurashishni, halol o‘ynashni va nihoyat g‘alaba qilishni so‘rardik. Kruyff biz qanday o‘ynaganimizni so‘rardi. U aslo natijani so‘ramasdi”, davom etdi «La Masia»da faoliyat yuritgan murabbiy. «Barselona B» haqida esa quyidagi qiziq fikrlarni bildirib o‘tdi: «Hozirda o‘rinbosarlar jamoasi kuchli futbolchilarga ega, iqtidorlilari esa yo‘q. «Barsa B» ham faqat yutish uchun o‘ynamoqda va buni o‘sish yoshida bo‘lmagan futbolchilarsiz amalga oshirmoqda. Bu esa aldamchidir».
«Barselona B»ning 21 futbolchisidan faqatgina 12 tasi 21 yoshgacha bo‘lgan (Under-21) yoshlardan iborat. Ikkitasi esa 25 yoshdan yuqori. Balki shuning uchundirki, yoshlar tizimidan yaqin orada asosiy tarkibga futbolchi yetishtirib berish qiyin masalaga aylanadi.
Luis Enrike davrida jamoa yarim himoyasi vertikal o‘yinga o‘tganini ham eslatib o‘tish joizdir. Asturiyalik murabbiy yaqinda bergan intervyusida quyidagilarni bildirib o‘tdi : «Raqiblarimiz bizga kuchli bosim o‘tkazishmoqda. Agar bizda ikki pas bilan gol urish imkonimiz bo‘lsa nega bundan voz kechaylik?»
«La Masia» murabbiyidan biri esa Enrikening bu fikrini ma’qulladi. “Unga qo‘shilaman. Biroq o‘sha ikki pas qanaqa ekanligiga bog‘liq. Kuman, Laudrup, Stoichkov boshchiligidagi “orzular jamoasi”da buni bir necha marta guvohi bo‘lganmiz. Bu taktikaning 90% da siz to‘pni orqasidan yugurasiz degani. O‘z jarima maydonchasiga berkingan jamoalar qarshisida esa haqiqiy “Barselona”ni ko‘rasiz. Hammamiz bilgan, sevgan jamoa”.
Oxirgi paytlarda, Luis Enrike yarim himoyani vertikal va tajovuzkor o‘ynash tarziga moslashtirdi. Bu amaliyot Xavi klubda ekanligidayoq boshlangandi. Ammo, Xavi kerakli paytda maydonga tushib, jamoasini eski uslubga qaytarib turardi. Xavi klubdan ketgach esa, bu uslub to‘liq shakllantirildi va jamoa Messi, Neymar, Suares uchligiga qattiq bog‘lanib qoldi.
Jamoa yomon o‘yinini ko‘rsatayotgan bir paytda aynan Messini jamoasini yetaklab yurmoqda. «La Masia» tarbiyalanuvchilarisiz u ham ba’zan chorasiz qolmoqda. Murabbiyi esa “Barsa” uning atrofida qurilganligidan baxtli ekanligini yashirib o‘tirmadi. “Biz bir necha yillar Messiga bog‘liq qolishimizga umid qilaman” deb aytib o‘tdi Luis Enrike.
Har bir “Barselona” muxlisi ham buni albatta xohlaydi. Biroq, oldinda katta tashvish bor. «La Masia»da boshqa na Messi bor, na Xavi. Chiqsa ham, biz ko‘rgan mo‘’jizakor texnikali futbolchilar o‘rniga jismoniy ko‘rsatkichlarni maqsad qilgan yoshlar yetishib chiqadi.
«La Masia»da faoliyat yuritgan murabbiy klub yoshlar tizimidagi muhim o‘zgarishni aytib o‘tdi. “Hozirda siz «La Masia»da yosh futbolchi afsuski juda kichkina ekanligi haqidagi so‘zlarni eshitasiz”. Bu esa haqiqat. Tushunarsiz holat esa, «Barsa» ularni buyuk jamoaga aylantirgan muhim holatni unutmoqda.