Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas 2-2 Betis
17/05 00:30 Almeriya 0-2 Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad 1-0 Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli
18/05 21:00 Lechche - Atalanta
18/05 23:45 Torino - Milan
19/05 00:00 Alaves - Xetafe

Levandovski: «Blekbern»ga o‘tishim hech gap emasdi»

Levandovski: «Blekbern»ga o‘tishim hech gap emasdi»

Baho:
+ | -

Angliyada ham «Bavariya» hujumchisi Robert Levandovskiga nisbatan qiziqish darajasi juda baland. Shuni inobatga olgan The Daily Mail jurnalistlari polshalik goleador bilan suhbatlashish chog‘i APL mavzusini ham ochishdi. Zero, Robert vaqtida «Blekbern» a’zosiga aylanishi mumkin edi. Zamonaviy futboldagi eng mohir to‘purarlardan biri shu haqda gapirishdan tashqari, Yurgen Klopp bilan 50 yevroga garov bog‘lagani va dortmundliklar yordamida saviyali hujumchi sifatida shakllanganini bayon etdi.

- Robert Levandovskining o‘z faoliyatidan xursandligi aniq. Lekin sizni Angliya chempionatida ko‘rishni xohlaydiganlar juda ko‘p. Harqalay, bundesliganing 147ta o‘yinida 107ta gol urgan hujumchi APLda ortiqchalik qilmasdi. Agar 2010 yili ob-havo sharoiti xalaqit bermaganida, ehtimol, «Blekbern» bilan shartnoma tuzardingiz. Aytingchi, shunday taqdirda hozir qanday natijalarga erishardingiz, premyer-ligada ham o‘zingizni ko‘rsata olarmidingiz?

- Eh, 7 yil oldingi gaplar... Ha, darhaqiqat, Angliyaga ko‘chib o‘tish imkoniyatini hosil qilgandim. Taklif tushgach, tabiiyki, «Blekbern» bilan yaqinroq tanishishni xohladim - mashg‘ulotlar bazasi qanday, stadioni yaxshimi, shart-sharoitlar talabga muvofiqmi...? Tabiiyki, klub maqsadlariga ham befarq emasdim. Xullas, barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun Blekbernga bormoqchi bo‘ldim. Zero, bungacha shaharning qayerda joylashganini ham bilmasdim. Biroq osmonni quyuq tutun qoplagani sabab, samolyot reysi qoldirilgan va men Angliyaga borolmagandim. Balki shu holat kuzatilmaganida, hammasi boshqacha rivojlanarmidi? O‘ylaymanki, agar «Blekbern» safiga qo‘shilganimda, bemalol o‘ynab ketardim. Chunki ishtiyoqim juda baland edi...

- Aslida «Blekbern» bilan kelishuvga erishishingiz ehtimoli baland bo‘lgan ekan. Xususan, klub transferingiz uchun 4 million funt sterling to‘lashga rozi edi...

- Quyoq tutun Islandiyadagi Eyyafyadlayekyudl vulqoni otilishi natijasida yuzaga kelgandi. Esimda, butun osmon xiralashgan va Yevropaning ma’lum qismida samolyotlarning uchishi imkonsiz bo‘lib qolgandi. Taqdir ekan, o‘sha kuni Polshadan chiqolmadim va tayyor transfer kelishuvi amalga oshmadi. Chunonchi, bundan oldin Sem Ellardays bilan uchrashib, bafurja gaplashib olgandik. U shaxsan meni ko‘rish uchun Polshaga borgan va biz navbatdagi o‘yin tugagach, barchasini muhokama qilganmiz. Ellardaysni ajoyib inson va saviyali murabbiy o‘rnida ko‘raman. U atrofiga yosh iqtidorlarni to‘playotganiyu, ulardan o‘ziga xos, o‘zgacha jamoa shakllantirishni xohlashini aytgandi. Mashhurligiga qaramay, ortimdan Polshaga safar qilganining o‘zi xarakteridan nishona edi.

- Nima, Angliyaga keyinroq yo‘l olishingiz mumkin emasmidi? Bunga nima xalaqit berdi?

- Qarang, o‘shanda chipta olishga ham ulgurgandim, ammo Angliya tomon ucholmadim. Taqdir hukmi shu bo‘lsa kerak-da. Xo‘sh, kutilmagan holat hayotimni nechog‘li o‘zgartirdi? Tabiiyki, misli ko‘rilmagan darajada! Bir o‘ylang, agar «Blekbern»ga o‘tganimda, bundesligada o‘ynarmidim? Bir narsa deyish qiyin. Ha, APLga o‘sish imkonini beruvchi liga sifatida qaraganim rost. Ammo so‘nggi pallada Lexda qolishimga to‘g‘ri keldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, menga «Borussiya»ning qiziqayotgani haqida xabar topdim. Bunday holatda qandaydir 5 daqiqada yakuniy qaror qabul qilolmasdim. Oxir-oqibat, Germaniya ligasi faoliyatim uchun navbatdagi bekatga aylandi.

- Keyin Yurgen Klopp boshqaruvida ideal hujumchi maqomiga erishdingiz - kuchli, tezkor, har ikki oyoqda ajoyib o‘ynaydigan va zarba yo‘llaydigan, «ikkinchi qavat»da ustunlik qiladigan chinakam yulduz. Xullas, «Borussiya» yetakchisi sifatida bundesliganing 2 karra g‘olibi bo‘lishdan tashqari, 2013 yili CHL finalida ishtirok etdingiz...

- Shubha yo‘q, o‘yinimning kuchayishida aynan Kloppning ta’siri mislsiz. Uni eslaganimda, doimo yuzimga tabassum yuguradi. Klopp shunchaki, meni o‘z kuchimga ishonishga majburladi. «Borussiya» safiga qo‘shilganimda, ilk 3-4 oy ichida ajoyib bir «o‘yin» an’ana tusini olgandi: murabbiy hujumchiga qarshi. Ya’ni ikkimiz har safar 50 yevroga garov bog‘lardik. Avvaliga nuqul Klopp yutdi, uni ancha boyitganman (kuladi). To‘g‘ri, keyinchalik umumiy vaziyatni o‘zgarib, yutqazgan pullarimni ortig‘i bilan qaytarib oldim! Yakunda ish shu darajaga yetib bordiki, Yurgen shunchaki, garov bog‘lashdan bosh tortadigan bo‘ldi. Axir yutqazaverib, puldan ayrilish kimga ham yoqardi? Endi garovimiz mohiyatiga kelsak, o‘yinda gol ursam, 50 yevro olardim, mabodo urolmasam, unga shuncha sanab berardim. Muhimi, murabbiy shu yo‘l bilan menda nafaqat gol urishga ishtiyoqni, balki o‘z kuchimga nisbatan ishonchni ham oshirdi. Ajoyib yondashuv!

- Kloppning «Liverpul»dagi ishi qanday taassurot uyg‘otmoqda?

- Ko‘rinib turibdi, jamoa futbolchilari «pressing»ga asoslangan futbol namoyish etishyapti. Men ham Yurgendan aynan to‘psiz qanday harakatlanishni o‘rganganman. U yana futbolchilar bilan hujumlarni yakunlash masalasida ish olib borishga usta. Ishonchim komil, «Liverpul» vakillarini ham hali yangi darajaga olib chiqadi.

- Ayni payt futbol bobida nimadandir afsuslanishingiz ortiqcha. Aytishlaricha, 28 yoshni urib qo‘yganingizga qaramay, hamon mukammallikka erishish yo‘lida ko‘p ter to‘kar ekansiz.

- O‘rganish va izlanishning yoshga hech qanday aloqasi yo‘q. Esimda, bolaligimda Varshava ko‘chalarida to‘p ortidan yugurib, qachondir professional darajada o‘ynashni orzu qilardim. Deylik, Tyerri Anrining «Arsenal»dagi o‘yinlaridan o‘zgacha ilhom olardim. Uning to‘pni olib yurish texnikasidan hayratlanish barobarida barchasini mashg‘ulotlarda takrorlashga urinardim. Tyerri ijrosidagi gollarni bir eslang... Yo‘q, aynan unga o‘xshashni xohlagan emasman, ammo o‘yinlariga qarab, nimalarnidir o‘zlashtirishga harakat qilganimni tan olaman. Hozir ham shunday: qandaydir yangilik ko‘rsam, uni o‘zimda sinab ko‘raman, albatta. Axir ideallikning chek-chegarasi yo‘q.

- Umuman, futbolda Kloppdan tashqari, yana kimlarning kuchli ta’sirini his qilgansiz?

- Mana, menga Xosep Gvardiola boshqaruvida o‘ynash ham nasib etdi. Uning o‘yinga yondashuvi o‘ziga xos. Pep menga butun maydonni ko‘rish va his qilishni o‘rgatdi. Shuningdek, Ilkay Gyundogan, Mario Gyotse va Emre Jan kabi yigitlarni e’tirof etaman. O‘yinimning yaxshilanishida ularning hissalari ham bor. Umuman, men bilan birga o‘ynagan barcha futbolchilardan nimadir olganman.

- Maydon tashqarisi, ya’ni kundalik hayotda ko‘proq kimga suyanasiz?

-Albatta, xotinim Annaning hayotimda tutgan o‘rni katta. U ham beqiyos ta’sir kuchiga ega. Sizga aytsam, Anna nafaqat ajoyib karatechi (u 2009 yilgi jahon chempionatida bronza medalini yutgan), balki yana to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari haqidagi 4ta kitob muallifi ham. Shaxsan mening bu masaladagi yondashuvim o‘zgarishida aynan Anna katta rol bajardi.

- Dortmundda jamoadoshlaringiz sizga «Rama» laqabini berishganini qanday izohlaysiz?

- Bu - sport zalidagi mashg‘ulotlar samarasi. Hujumchining doimo baquvvat himoyachilarga qarshilik qilishiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, ular seni yo‘llaridan shunchaki, chetga surib tashlashga urinadilar. Shunday ekan, hujumchiga jismoniy kuch ham zarur. Buni tushungan holda, trenajyor zalida ko‘p ishlardim. Natijada «Borussiya»da o‘z-o‘zidan «Rama»ga aylanib qolgandim.

- Xotiningiz Annani diyetolog sifatida ta’rifladingiz. Sir bo‘lmasa, ovqatlanish tartibingizga kengroq to‘xtalsangiz.

- Hammasi oddiy: nonushtada ba’zan bo‘tqa yeyman, gohida tuxum. Mol go‘shtini tanlashim ham mumkin, albatta, qayla bilan. Aslida qat’iy parhezga amal qilmayman - bir safar 100 gramm taom tanovul qilsam, ke-yingi gal bu 200 grammga oshishi hech gap emas. Xotinimning aralashuviga kelsak, oldinlari shirinlik oldida o‘zimni sira to‘xtatolmasdim. Endi bu narsa taomnomamdan tushib qoldi. Aniqroq aytsam, 3-4 yil oldin har kuni shirinlik iste’mol qilardim, hozir esa shu odatni batamom tashladim. To‘g‘ri, goh-gohida qora shokolad yeyishim mumkin, ammo boshqasiga o‘tmayman. Hozir hattoki, stol ustida shokolad yoki tortga ko‘zim tushsa ham, ko‘nglim tortmaydi. Eh, avvallari shirinlik «asiri» edim. Buning foydasini yaqqol sezyapman ham. Misol uchun, oldinlari haftada 2-3 marta maydonga tushishimizga to‘g‘ri kelsa, butun 90 daqiqa davomida tetik yugurolmasdim. Endi esa o‘zimni ancha yengil his qilyapman, chunki talab darajasida tayyorgarlik ko‘rishga odatlandim. Annaning tavsiyasiga ko‘ra, ovqatlanish tartibini asta-sekin o‘zgartirib bordim. Birinchi navbatda, shirinlikdan voz kechgan bo‘lsam, keyin yog‘li mahsulotlarni me’yoriga tushirdim. Menga sigir va soya yog‘i ma’qul. Bodom va guruch yog‘i - boshqa masala. Ha, eng muhimi, alkogol ichimliklaridan ham deyarli butunlay «qo‘l yuvdim».

- Robert, oxirgi vaqtlarda ko‘pchilikni Xitoy pullari ohanrabodek tortmoqda. Xususan, qishda sizga ham Osiyodan manfaatli taklif tushdi...

- Yevrofutbolda qiladigan ishlarim hali yakunlangani yo‘q. Hamon nufuzli sovrinlarga tashnaligim bor. Aynan shuning uchun Xitoy klubining aql bovar qilmas taklifini rad etdim. Chunonchi, «Bavariya»ning Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonadigan vaqti keldi, menimcha. Klubning ketma-ket 3 mavsum yarim finalda to‘xtaganini inobatga olsak, bu safar ushbu to‘siqni yengib o‘tishimiz shart. Boz ustiga, ayni payt jamoamizni aynan CHL bo‘yicha yetuk mutaxassis Karlo Anchelotti boshqar-yapti. Umid qilamanki, joriy mavsum xalqaro arenada ham nihoyat, omadimiz yurishadi.

- Endi garovimiz mohiyatiga kelsak, o‘yinda gol ursam, 50 yevro olardim, mabodo urolmasam, unga shuncha sanab berardim. Muhimi, murabbiy shu yo‘l bilan menda nafaqat gol urishga ishtiyoqni, balki o‘z kuchimga nisbatan ishonchni ham oshirdi. Ajoyib yondashuv!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:29, 04.03.2017.
O'qildi: 6235 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.