Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ranyerisiz “Lester”dagi hayot

Ranyerisiz “Lester”dagi hayot

Baho:
+ | -

Klaudio Ranyeri ketganidan buyon, “Lester” g‘alaba ta’mini qayta topib olgandek… Tasodifmi bu?

O‘tgan mavsumda “Lester”ni Premer Liga chempionligiga boshlab borib, oradan to‘qqiz oy o‘tgach «sehrli ertak» qahramoni Klaudio Ranyeri ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyin o‘z iste’fosini qabul qilib oldi. Barcha hayratda, tuyg‘ular cheksiz. Italiyalik murabbiy futbol olamining deyarli ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hatto ba’zilari bu qarorga qarshi fikrlar bildirishdi. Og‘ir va qiyin qaror, biroq klub rahbariyati oldida birgina yo‘l bor edi: qanday qilib bo‘lmasin, klubni Premer Ligada saqlab qolish.

Yordamchi murabbiy, Kreyg Shekspir jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi va oradan to‘rt kun o‘tib “Lester” bilan g‘alaba nashidasini surdi. Yana kimga qarshi?! Yurgen Klopp boshchiligidagi “Liverpul”ga qarshi bahsda “tulkilar” huddi o‘tgan mavsum yakunidagiday ishtiyoq bilan o‘ynadi va o‘yinni o‘z foydalariga hal qildi. Jeymi Vardi so‘zsiz o‘yin qahramonlaridan biri bo‘ldi. O‘z o‘yinini qayta topib olgan Vardi ikki bora raqib darvozasini ishg‘ol qildi va 2016-yil 31-dekabridan buyon chempionatda davom etib kelayotgan golsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. O‘tgan mavsum to‘purarining golsiz seriyasi naq 637 daqiqa surdi.

Jamoa bosh murabbiyligiga Roy Hojson, Manchinilar kelishi haqidagi mish-mishlarga qaramay, aynan Kreyg Shekspir mavsum yakuniga qadar jamoa ustozi bo‘lish uchun ideal variantga aylandi. “Qizillar” ustidan qozonilgan g‘alaba va Premer Ligada jon saqla qolish uchun kurashayotgan “Hall Siti” ustidan 3-1 hisobida zafar quchishi vaqtinchalik bosh murabbiyning imkoniyatlarini oshirib yubordi. “Lester” bu mavsumda chempionatda hali biror marta ketma-ket ikki marta g‘alaba qozonolmay kelayotgandi.

Bu ikki g‘alaba Klaudio Ranyeri iste’fosidan xafa bo‘lib yurgan klub muxlislariga ancha tasalli berdi. Bundan tashqari 15-o‘rinda borayotgan jamoa zahirasida yana bir o‘yin bor, “xavfli zona”dan esa biroz uzoqlashgandek.

Ranyeri qo‘li ostida klub so‘nggi to‘qqiz o‘yinda atigi bir o‘yinda g‘alaba qildi. U ketganidan buyon ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishildi. Albatta, hali xulosa chiqarishga erta, biroq, hozirgi natijalar, futbolchilarning ko‘rsatayotgan o‘yini barcha muammo murabbiyda bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Italiyalik murabbiy qo‘li ostida so‘nggi 6 uchrashuvda birorta ham gol ura olmagan jamoa, uning iste’fosidan so‘ng ikki o‘yinda 6 gol urdi! Bularning barchasi yoki tasodif, yoki jamoa ichida muammolar bo‘lgan. Alan Shirer esa bu haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: “Bu yil Ranyeri bilan xohish va istak yo‘q edi, ular o‘z ustida qattiq ishlashmadi. “Liverpul”ga qarshi esa har bir o‘yinchi tez yugurdi, bir necha marta sprintni amalga oshirdi va bu shuni ko‘rsatmoqdaki, futbolchilar murabbiyning ketishini xohlagan”.

Italiyalik murabbiyning iste’foga chiqarilishi hozircha o‘z mevasini bermoqda. Biroq, nega futbolchilar uning qo‘li ostida hozirgi darajadagi o‘yinlarini ko‘rsatishmadi? Ranyerining taktik sxemalari Jeymi Vardi va Kasper Shmeyxel kabi ba’zi futbolchilarga yoqmaganligi turgan gap. Bu barchasi bahona albatta, ammo Denni Drinkuoterning intervyusidan ma’lum bo‘ldiki, futbolchilar qiyin taktik sxemalarda o‘ynashni xohlamagan. “Biz hammamiz sodda narsalarga moyilmiz. Uni qiyinlashtirishga sabab yo‘q. Barchasini imkon qadar soddalashtirish kerak. Biz har qanday murabbiyning orqasidamiz. Ammo hamma tushunib turibdiki, Shekspirdan yaxshisi yo‘q. Biz uni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”.

Ranyeri taniqli bo‘lmagan futbolchilar bilan imkonsiz ishni amalga oshirdi. U jamoaga kutilmagan sovrinni taqdim etdi va buning uchun u klub tarixida abadiy qoladi. Uning yordamchisi Shekspirning boshqaruvi esa «sehrli ertak»ning ikkinchi sahnasi bo‘lishini kutib qolamiz.

Manba: muhokama.com
Kiritildi: 22:01, 14.03.2017.
O'qildi: 9233 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.