Angliya Premyer-ligasida chempionlik poygasi kutilmagan va «noqulay» vaziyatga yaqinlashmoqda. The Lawyer nashrining tahliliy maqolasiga ko‘ra, «Manchester Siti»ga qarshi ochilgan 115 ta moliyaviy qoidabuzarlik ishi bo‘yicha yakuniy qaror aynan mavsumning hal qiluvchi pallasida e’lon qilinishi mumkin.
Agar mustaqil tribunal «shaharliklarni» tizimli qoidabuzarliklarda aybdor deb topsa, jamoadan joriy mavsum uchun ochkolar olib tashlanishi ehtimoli bor. Bunday holatda, hatto «Manchester Siti» turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallasa ham, chempionlik kubogi ikkinchi o‘rindagi «Arsenal»ga o‘tib ketishi mumkin.
«Ingiliz futboli hozirda o‘ta noqulay vaziyatga duch kelmoqda: klub chempionlikni nishonlayotgan bir paytda, tribunal uni ko‘p yillik qoidabuzarliklarda aybdor deb topishi mumkin. Bu APL rahbariyati uchun haqiqiy «dahshatli tush»ga aylandi. Muzokaralarning maxfiyligi va jarayonning cho‘zilayotgani turli mish-mishlarni ko‘paytirmoqda», — deyiladi nashr maqolasida.













